O’tgan oy Livan poytaxti Bayrutdagi bandargohda kuchli portlash shaharning bir qismini vayron qilishi ketidan o’tgan hafta portdagi bir omborxonada yirik yong’in vujudga keldi, bugun esa shaharning tijoriy rayonida qurilayotgan savdo markazini alanga oldi. Ma’lumotlarga ko’ra, payvandlash ishlari paytida uchqun plastikka tekkan.
Zarar ko’lami hozircha ma’lum emas, biroq bunday voqealarning so’nggi paytda ko’p uchrayotgani shahar aholisini xavotirga solmoqda.
Bu o’rtada Bayrutning sharqiy mahallasida ikki nasroniy partiya – Livan kuchlari partiyasi va Erkin vatanparvarlik harakati tarafdorlari o’rtasida to’qnashuvlar kuzatildi. Vatanparvarlar partiyasi idorasi yonida otishma eshitilgan. Hukumat hududga askarlarni safarbar etib, tomonlarni ajratishga harakat qildi.
Livan 2005-yilda Bosh vazir Rafiq Haririyning bomba xurujidagi o’limidan beri siyosiy va iqtisodiy tanazzulga yuz tutgan. So’nggi oylarda xalq korrupsiya, layoqatsiz amaldorlar, iqtisodiy inqirozga qarshi namoyish qildi.
Oy boshida Bayrutda siyosiy muzokaralar olib borgan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Livan rahbarlarini yangi hukumat tuzib, iqtisodiy islohotlarni boshlashga ko’ndirgan edi. Biroq Livanning tarqoq siyosatchilari haligacha buning uddasidan chiqqani yo’q.
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, Livanning “Hizbulloh” harakati Erondan qurol olishda davom etarkan, Makronning Livan inqirozini hal qilishga qaratilgan harakatlari samara bermaydi.
“Hizbulloh”ni terror guruhi deb biluvchi Qo’shma Shtatlar o’tgan hafta “Hizbulloh”ga ittifoqdosh partiyalarga a’zo sobiq savdo va transport vazirlarini korrupsiya orqali guruhga yordam berganlikda ayblab, qora ro’yxatga qo’shdi.
Fransiya Livan parlamentida ittifoqchi fraksiyalar bilan ko’pchilikni tashkil etgan “Hizbulloh”ning siyosiy qanotini terrorchi deb tan olishdan bosh tortib keladi.