Breaking News

Liviyada havo hujumida kamida 40 odam o’lgan


Tajuradagi migrantlar hibsxonasi aviahujumdan so'ng
Tajuradagi migrantlar hibsxonasi aviahujumdan so'ng

Liviya poytaxti Tripoliga havo hujumi natijasida kamida 40 odam o’lgan, 80 kishi yaralangan. Raketa shahar tevaragidagi migrantlar hibsxonasiga tushgan. Qurbonlarning aksariyati afrikalik migrantlar.

Liviya ichki ishlar vaziri o’rinbosarining aytishicha, vayronalarda qutqaruv ishlari davom etarkan, o’lganlar soni bundan-da ko’p bo’lishi mumkin.

Tajura rayonida joylashgan muassasada hujum paytida salkam 200 odam bo’lgan.

Liviyaning xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan hukumati va sharqdagi Tobruk shahrida asoslangan Liviya milliy armiyasi o’rtasida bir necha oydan beri poytaxt uchun janglar kechmoqda.

Milliy armiya qo’mondoni Xalifa Haftar Tajuradagi havo hujumiga mas’ul emasligini aytarkan, aybni parallel hukumatga xayrixoh kuchlarga qo’ymoqda.

Tripolidagi hukumat mamlakat shimoli-g’arbidagi G’aryon shahrini qayta ishg’ol qildi. Hukumat vakillarining bildirishicha, bu bilan feldmarshal Xalifa Haftarga qarashli kuchlar ta’minot yo’llaridan ayrildi.

Poytaxtni qo’lga kiritish maqsadida uch oy oldin harbiy kampaniya boshlagan Haftar armiyasi aprel oyi boshida G’aryonga hujum qilgan.

2014-yilda Muammar Qaddafiy hokimiyatdan olingandan beri Liviyada qo’sh hukmronlik hukm surmoqda. Xalqaro hamjamiyat Tripolidagi Milliy murosa hukumatini tan olgan.

Feldmarshal Haftar mamlakatni birlashtiraman deya poytaxtni qo’lga olmoqchi, biroq tripoliliklarning ba’zilari u holda diktatura o’rnatiladi deya xavotir olmoqda. Biroq shu bilan birga, xalq ikki hukumat birlashmasa, tinchlik qaror topmasligini anglab yetmoqda.

“Harbiy institutlar, milliy xavfsizlik, immigratsiya – bularning barchasi markazlashtirilishi kerak. Biroq aholiga xizmat ko’rsatish, mahalliy xavfsizlik idoralariga kelganda markazsizlashtirish muhim”, - deydi faol Nabil Muhammad Hamri.

Liviyada fuqarolar urushi 650 dan ziyod odamning yostig’ini quritdi, 94 ming kishi uyini tark etishga majbur bo’ldi.

Haftar Tripolini egallash fikridan qaytgani yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG