Breaking News

BMT rasmiysi Liviyada tinchlik qaror topishiga ishonadi


BMTning Liviya bo'yicha mas'ul vakili Bernardino Leon Jenevada Liviyada urishayotgan taraflar bilan muzokara qilayapti.
BMTning Liviya bo'yicha mas'ul vakili Bernardino Leon Jenevada Liviyada urishayotgan taraflar bilan muzokara qilayapti.

Liviyada tinchlik qaror topishiga doir muzokaralarning navbatdagi davrasi boshlandi. BMT mulozimlarining aytishicha, sentabr boshigacha qo'shma hukumat yuzasidan tugal bitim imzolanishi mumkin.

Uzoq davom etgan murakkab muzokaralar ketidan, dedi BMT Bosh kotibining Liviya bo'yicha mas'ul vakili Bernardino Leon, umid uchquni paydo bo'ldi. Qo'shma hukumatni shakllantirish borasida taraflar olg'a siljidi.

Liviya jahon hamjamiyati tan olgan va sharqdagi Tobruk shahrida o'rnashib olgan hukumat va poytaxt Tripolini egallagan isyonchilar o'rtasida talash. Sobiq rahbar Muammar Qaddafiy 2011-yilda hukumatdan ag'darilganidan beri yurt notinch.

Urush qilayotgan tomonlar 11-iyulda tinchlik haqida so'z ochgan edi. Leon mana shu imkoniyatdan foydalanib, ularni turli guruh va elatlarni o'z ichiga olgan hukumat tuzishga ko'ndirmoqchi.

BMT rasmiysining aytishicha, barcha taraflar shu kunlarda Jenevaga tashrif buyurgani murosadan umid bor ekanini anglatadi.

"Siyosiy iroda va xohishga, xolis va adolatli qarorlarga bog'liq buning hammasi. Ular Jenevaga kelishga o'zida iroda topdimi, demak sentabrga qadar tugal shartnomani ham imzolaydi. BMT Bosh Assambleyasining majlisidan oldin bitirishimiz hech gapmas", - deydi u.

Leonning tan olishicha, hali ahvol mavhum va qaltis. Shunga qaramasdan, rasmiy ishlash ahdida qat'iy. Tinchlikdan ularning o'zi manfaatdor.

"Liviya bugun avvalgidan og'ir va tarqoq holda. Shunday ekan, ular aqlini yig'ib tezda muzokara stoliga o'tiradi degan umiddaman. Oktabrgacha cho'zib o'tirmaslik kerak, chunki nizo-urush hozirgidan avj olishi mumkin", - deydi BMT mutasaddisi.

Uning aytishicha, muzokaralarda siyosiy jihatlar jadalroq muhokama qilinmoqda, xavfsizlik bilan bog'liq muamolar hanuz ochiq. Armiya va isyonchilar vakillarini bir davraga yig'ishga harakat qilmoqchi u. Qurolli kuchlarning qo'llab-quvvatlovini olish muhim, deya eslatadi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG