Breaking News

Liz Trass Britaniya bosh vaziri lavozimidan ketmoqda


Bugun Britaniya bosh vazirasi Liz Trass iste’fosi haqida ma’lum qildi. Kechagina parlamentda uni iste’foga chaqirgan muxolif leyboristlar lideriga bo’sh kelmasligini va siyosiy kurashni davom ettirishini aytgan siyosatchi Britaniyani eng qisqa vaqt boshqargan rahbar sifatida tarixga kirmoqda.

Xalqaro hayot - 20-oktabr, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:24 0:00

Konservatorlar partiyasidagi bir necha bosqichli saylovlar natijasida bir yarim oy oldin hokimiyatga kelgan sobiq tashqi ishlar vazirasi iqtisodiy va pul-kredit sohalarida ketma-ket xatolarga yo’l qo’yib, nafaqat muxolifat va aholi, balki partiyadoshlari tanqidiga ham uchradi.

Trassning soliqlarni tushirishga qaratilgan iqtisodiy dasturi qimmatbaho qog’ozlar bozorida sarmoyadorlarni cho’chitib, funt sterling qiymatining tushishiga sabab bo’ldi.

Britaniya 40 yilda eng yuqori inflyatsiyaga yuz tutyapti.

Trassning iste’fosi undan oldingi bosh vazir Boris Jonson iste’fosiga o’xshab ketadi. Oxirigacha lavozimidan ketishga qarshilik ko’rsatgan Jonson mahkamasining a’zolari birin-ketin uni tark etganidan so’ng iste’foga chiqishga majbur bo’ldi. Trass ham shunday jarayonga yuz tuta boshlagan edi.

"Hozirgi vaziyatda Konservatorlar partiyasi menga topshirgan mandatni bajara olmasligimni tan olaman. Partiya liderligidan ketishim haqida qirol bilan gaplashdim”, - dedi Trass.

Yangi bosh vazir saylanguncha, Trass vazifalarini bajarib turadi.

Bosh vazirlikka kim kelishi mumkin? Nomzodlar o’sha-o’sha. Sobiq moliya vaziri Rishi Sunak. U oxirgi partiyaviy saylovda finalga chiqib, Trassga boy bergan edi. Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Sunak barcha nomzodlar ichida eng munosibi bo’lsa-da, hind millatiga mansub siyosatchini Britaniyadek aristokratik jamiyat rahbari sifatida tasavvur qilish qiyin.

Sobiq tashqi ishlar va sog’liqni saqlash vaziri Jeremi Xant o’tgan hafta moliya vaziri lavozimiga tayinlanishi bilan Trassning iqtisodiy dasturidan voz kechdi. Xant bilan bir qatorda Mudofaa vaziri Ben Uollas ham bosh vazirlikka nomzodlardan.

Biroq mamlakat siyosiy inqirozga uchrab turgan bir paytda Ukrainadagi vaziyatni muhokama qilish uchun Uollasning seshanba kuni kutilmaganda Vashingtonga borgani, ya’ni Ukraina taqdiridan xavotirlarini Britaniyanikidan ustun qo’ygani ayrim konservatorlarga yoqmasligi mumkin.

Yana bir nomzod sobiq mudofaa vazirasi va savdo bo’yicha kichik vazir Penni Mordont bo’lib, u Trass hukumatining ashaddiy tarafdorlaridan edi.

Ba’zilar sobiq bosh vazir Boris Jonsonni ham hisobdan chiqargani yo’q. Nazariy jihatdan Jonson hokimiyatga qaytib kelishi mumkin, biroq unga yaqin odamlarning aytishicha, ayni paytda pullik ma’ruzalar berib yaxshi pul ishlayotgan Jonsonda hukumat tepasiga qaytishga xohish yo’q.

Konservatorlar partiyasida liderni tanlashga javob beruvchi qo’mita yangi lider va bosh vazir 28-oktabrgacha saylanishini bildirdi. Biroq leyboristlar sardori Kir Starmer umumiy saylovlar o’tkazishga chaqirmoqda.

"So'nggi 12 yildagi barcha muvaffaqiyatsizliklar qaynab chiqyapti. Adolatga erisha olmayotgan jinoyat qurbonlari. Tez yordam mashinalari o’z vaqtida yetib bormagani uchun o’layotgan odamlar. Oziq-ovqat va issiqliksiz qolayotgan millionlab aholi. Biroq bularning hech biri torilarga milliy manfaatlar birinchi o'rinda turishi kerakligini bildirmayapti. Ularning ichki janjallari sabab mamlakatimiz moliyasi barbod bo’ldi. Bunday holat davom etishi mumkin emas. Konservatorlar tartibsizligi Britaniyaga qimmatga tushib ketyapti. Umumiy saylovlar o’tkazilishi kerak", - dedi Starmer.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG