Los-Anjeles shahrida har oy yangi fuqarolarni qabul qilish marosimi o’tkazilardi. Biroq pandemiya sabab AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmati tadbirlarni qoldirishga majbur bo’ldi. Uch oylik karantindan so’ng idora bu masalaga ijodiy yondashib, marosimni orziqib kutayotgan odamlarni xushnud etdi.
Odatda katta zalda o’tadigan qasamyod marosimi endi ko’chada o’tkazildi. Yuzlab yangi fuqarolar avtomobildan chiqmay qasamyod keltirdi.
Ulardan biri 2012-yilda “grin karta” yutib AQShga Erondan kelgan Majid ismli odamdir. Uning aytishicha, yangi madaniyat va hayotga moslashish oson bo’lmadi. Sakkiz yil o’tib Majid AQSh fuqarosi sifatida qasamyod keltirdi.
“Odam ko’p keldi. Marosim ajoyib o’tdi. Xuddi “Makdonalds”ga taom buyurtirishga kelganday his qildim”, - deydi u.
“Marosim katta o’yingohda bo’lishini, prezident bizni olqishlashini, katta tadbir bo’lishini, chiroyli kiyinishimizni orzu qilganman. Ammo baribir yomon emas, muhimi, yana kechga qoldirishmadi”, - deydi Murod ismli yana bir yangi fuqaro.
Marosim avtomobillar uchun maxsus to’xtash joyida o’tkazildi. Bo’lajak fuqarolar mashinadagi radiosini muayyan to’lqinga sozlab, AQSh prezidentining murojaatini, so’ng AQSh milliy madhiyasini tinglashdi. Shundan so’ng AQSh Bojxona va chegara xizmati xodimi ularga bir necha savol bilan murojaat qildi. Eng so’nggida ishtirokchilar mashinadan chiqmay qasamyod keltirdi.
“Mavjud sharoitda tajriba unutilmas bo’lishini xohladik. Tadbir o’zgacha o’tdi. Esda qolarli bo’ldi degan umiddaman”, - deydi immigratsiya xizmatidan Kler Nikolson.
“Marosim odamlar salomatligi va xavfsizligini o’ylab shunday tashkillashtirilganini tushunaman. Jarayon tez va silliq o’tganidan, nihoyat amerikalik bo’lganimdan xursandman”, - deydi Deyzi ismli yana bir yangi fuqaro.
Facebook Forum