Breaking News

Yevropa Ittifoqi Lukashenkoni prezident sifatida tan olishdan bosh tortdi


Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat va xavfsizlik bo’yicha oliy vakili Jozep Borrelning aytishicha, Belarusda 9-avgust kuni o’tgan prezident saylovlarida ovozlar soxtalashtirilgani bois ittifoq Aleksandr Lukashenkoni prezident sifatida tan olmaydi.

Xalqaro hayot – 15-sentabr, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:56 0:00

“Biz zo’ravonliklar, qatag’onlar, saylov natijalarini soxtalashtirishga mas’ul qator rasmiylarga qarshi sanksiya qo’llash arafasidamiz. Sanksiyalarni Yevropa Kengashining keyingi hafta bo’ladigan majlisidan oldin qabul qilishni so’raganmiz”, - dedi Borrel.

Qo’shni Ukraina parlamenti bugungi yig’ilishida Belarusdagi saylovlarni tan olmaslik haqida qaror qabul qildi. O’tgan oy Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Lukashenkoga saylovlarni qayta o’tkazishni tavsiya qilgan edi.

Belarusga qo’shni Litva qonunchilari esa rasmiy ma’lumotlarga ko’ra saylovda 10 foiz ovoz to’plagan Svetlana Tixanovskayani Belarusning qonuniy prezidenti sifatida tan olishga qaratilgan hujjat qabul qildi. Tixanovskaya saylovdan so’ng mamlakatni tark etib, Litvada boshpana oldi. Rossiya va Belarus hukumatlari Vilnyus harakatlarini xalqaro qonunga zid deya qoraladi.

Xabarlardan ma’lum bo’lishicha, ayni damda xorijiy huquqshunoslar Lukashenkoni Gaagadagi xalqaro sudga berish uchun hujjatlar tayyorlamoqda, namoyishlar paytida jabr ko’rgan odamlardan ko’rsatmalar to’plamoqda.

Jozep Borrel 7500 tinch namoyishchi hibsga olinganini, 500 kishiga nisbatan qiynoq qo’llanganini da’vo qildi.

“Bir necha do’stimni qamoqqa tashlashdi, militsiya ularni xo’rladi”, - deydi bir ayol.

Yakshanba kuni Minskda 100 mingga yaqin odam namoyishga chiqqan. Tadbirni tasvirga tushirgan “Amerika Ovozi” muxbiriga ko’ra,ular Lukashenko iste’fosini talab qilmoqda.

“Biz suverenitetimiz uchun, hokimiyatni g’irromlik bilan qo’lga kiritgan noqonuniy rahbardan qutulish uchun kurashyapmiz”, - dedi namoyishchilardan biri.

G’alayonni bostirish maqsadida Lukashenko muxolifat rahbarlarini hibsga olishni yoki mamlakatdan haydashni buyurdi. Ulardan biri Mariya Kolesnikova hokimiyatni ag’darish ayblovi bilan ushlangan. Advokatlariga ko’ra, hibsxonada uning sog’lig’i yomonlashgan.

Saylovgacha Rossiyani ko’p tanqid qilgan Lukashenko ilojsiz vaziyatda qolib, Vladimir Putindan madad kutmoqda. Kecha u Sochida Rossiya rahbari qabulida bo’ldi. Namoyishchilarga ko’ra, Lukashenkoda boshqa davlatlar bilan Belarus nomidan ish yuritishga vakolat yo’q.

“Rossiya hozir qiyin ahvolda. Agar Kreml Lukashenkoni qo’llab-quvvatlasa, Belarus xalqi ishonchini yo’qotadi”, - deydi minskliklardan biri.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG