Breaking News

Makronni Vashingtonda poyandoz va jiddiy uchrashuvlar kutmoqda


Makron va Trampning Nyu-Yorkdagi uchrashuvi, 18-sentabr, 2017-yil

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron 23-25 aprel kunlari Vashingtonda bo’lib, Prezident Donald Tramp bilan Eron yadro dasturi, Quddus shahri maqomi, AQSh-Yevropa munosabatlari, savdo va boshqa mavzularni muhokama qiladi.

Makronni Vashingtonda poyandoz va jiddiy uchrashuvlar kutmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:42 0:00

O’tgan yili Tramp Fransiya Mustaqillik kunida Parijda Makron mehmoni bo’lgan edi. Bu gal poyandoz solish Trampning gali. Ikki rahbar Amerikaning birinchi prezidenti Jorj Vashington yashagan uyda tanovul qiladi.

Makron sharafiga 21 ta salyut yangraydi, Fransiya prezidenti Kongressda so’zlashi kutilmoqda. Dabdabali qabuldan so’ng jiddiy muzokaralar boshlanadi.

“Tramp o’tgan yili Parijga borganida ular endi tanishgan edi. Hozir bo’lsa yeng shimarib ishlashga to’g’ri keladi”, - deydi sobiq fransuz diplomati Filip Moro Defarj.

Makron va Tramp ko’p masalalarga turlicha qaraydi. Eron, savdo, iqlim o’zgarishi, Quddus maqomi. Tramp AQShni Parij iqlim bitimidan chiqargach, uni dekabr oyida Fransiya poytaxtida o’tgan xalqaro iqlim o’zgarishi anjumaniga taklif etishmadi.

“AQSh hukumatining Parij bitimidan chiqishini hazm qila olmaganlar anjumanga tashrif buyurdi”, - degan edi Makron o’shanda.

Biroq bugunga kelib ikki rahbar bir-biri bilan til topishishgan ko’rinadi. Trampning Yevropaga doir fikrlarini Makron qit’adagi boshqa rahbarlarga yetkazuvchi, Yevropa manfaatlari uchun qattiq kurashuvchi arbob sifatida gavdalanadi. Ammo uning Trampga o’ta yaqinligi Fransiyada salbiy qabul qilinishi mumkin, deydi germaniyalik tahlilchi.

“Agar Prezident Trampning qarorlari Fransiya yoki Yevropa manfaatlariga tahdid solsa, Makron o’z vatanida qattiq tanqidga uchrashi mumkin”, - deydi Marshall jamg’armasining Parijdagi vakili Aleksandra de Xup Sheffer.

Fransiya tarixidagi eng yosh va AQSh tarixidagi eng keksa prezidentlar bir-biri bilan qanday kelishayotgani hozircha jumboq. Makron ko’p tomonlama hamkorlik, ittifoqlar tarafdori, Tramp esa Amerikani ustun qo’yadi.

AQSh va Yevropa rahbarlari orasida Jorj Bush Toni Bleyr bilan, Barak Obama esa Angela Merkel bilan ancha yaqin bo’lgan. Makronning Tramp bilan do’stligi Fransiyaning dunyodagi maqomini oshirishi mumkin.

“Germaniya va Britaniya AQSh bilan Fransiyachalik harbiy aloqalarni o’rnatishni uddalay olmayapti”, - deydi tahlilchi Sheffer.

Ikki mamlakat Afrikaning Sohil mintaqasida ekstremistlarga qarshi birgalikda kurashmoqda, Suriyani birga nishonga olishdi. Biroq Tramp qo’shinlarni Suriyadan chiqaraman deb turgan bir paytda Makron siyosiy jarayonda faol qatnashmoqchi. Fransiya va Yevropa AQSh boj imtiyozlarini bekor qilishidan, Eron bilan imzolangan yadroviy bitimdan chiqishi mumkinligidan xavotirda.

“Eron yadro dasturiga doir xalqaro shartnomaga Makron va Tramp turlicha yondashmoqda”, - deydi Defarj.

Ammo boshqa kuzatuvchilar nazarida, ikki rahbar bu masalada kelisha boshlagan. Oq uydagi muzokaralarda boshqa kelishmovchiliklarga ham barham berilishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG