BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi tashkilotiga ko’ra, uzoq yillik qurg’oqchilik va boshqa omillar oqibatida Madagaskar janubida bir milliondan ziyod odam ochlikka yuz tutmoqda. To’yib ovqatlanmaslik natijasida 5 yoshgacha bo’lgan bolalar keskin ozib ketgan.
“So’nggi 3 oyda to’yib ovqatlanmaslik darajasi 8 foizdan 16 foizga ko’tarildi. Ba’zi joylarda hatto 27 foizgacha. Ko’z oldimizda ochlik ro’y bermoqda”, - deydi tashkilotning Madagaskardagi vakili Amir Dovudiy.
“Global Watch” tashkiloti ma’lumotiga ko’ra, 2017-yilda Madagaskarda 510 ming gektar o’rmon barbod bo’lgan.
Dov-daraxtlarning yo’q qilinishi va tuproq eroziyasi hozirgi vaziyatga yetaklagani aytiladi. Qumli bo’ronlar ekin maydonlarini xarobaga aylantirdi.
Yog’ingarchiliklarning kamligi oziq-ovqat kamomadiga bu yili ham sabab bo’lishi, hosil so’nggi 5 yildagiga qaraganda 50 foizga kam bo’lishi kutilmoqda.
Qishloq aholisi ochlikdan qochish maqsadida shaharlarga ko’chmoqda.
“Jahon oziq-ovqat dasturi resurslari 2 oyga yetadi, xolos. Xayriya tushmasa, undan keyin ancha qiynalib qolamiz”, - deydi Dovudiy.
Tashkilot keyingi 6 oyda 74 million dollarga ehtiyoj borligini bildiradi.
Facebook Forum