Xotin-qizlarni zulmatdan yorug'likka yetaklayotgan loyihalar

  • Amerika Ovozi

Malavi bolalari

Mandela Vashington Stipendiyasi deb nomlangan dasturga 2014-yilda asos solingan. Afrikadan ilg’or yoshlar Amerikaga kelib bilim oladi, malaka oshiradi. YALI degan loyiha AQSh yoshlarini Afrikaga olib boradi.

Xotin-qizlar huquqlarini targ’ib qilish hech bir jamiyatda oson emas. Aql o’rgatma, deyishadi.

Malavi singari qashshoq mamlakatlarda ayollarning xo’rlanishi hatto muammo deb ham hisoblanmaydi. Ocharchilik keng tarqalgan. Ayollarni azoblaganlar jazolanmaydi. 71 foiz ayollar savodsiz.

“Mahallama-mahalla yurib, targ’ibot ishlari olib borishimiz kerak. Bozorlar, jamoat markazlarida bolalar, xotin-qizlar, erkaklar bilan ochiq va samimiy suhbatlar olib boramiz. Har bir inson o’ziga ishonishi kerak, har qanday sharoitda. O’zi va yaqinlari uchun kurasha bilishi kerak”.

Ketrin Kutzer, ayollar huquqi uchun kurashadigan xalqaro tashkilot vakili.

Amerikalik mutaxassis uch hafta Malavi bo’ylab sayohat qilib, vaziyat bilan tanishdi. Yangi loyiha ustida ishlamoqda. Savodxonlikni oshirish, qizlarni o’qitish, ularni uzviy huquq va erkinliklari bilan tanishtirish eng asosiy vazifa, deya xulosa qiladi mutaxassis.

Sudyalar va advokatlar oddiy aholi bilan yaqindan ishlashi kerak.

“Mustaqil fikrlab, o’z haqqini talab qila olish uchun bilim zarur. Ayollik zaiflik emas. Ayol bo’lish kamchilik emas. To’laqonli insonsiz. Erkaklardek huquqqa egasiz. Ulardan ham kuchliroq bo’lishingiz mumkin”.

Malavida ayollarni azaldan ezib keladigan odatlar mavjud. Masalan, agar eringiz o’lsa, sizni “ifloslangan” deb hisoblashadi. Begona erkakka olib borishadi va u bilan bir to’shakda yotib, o’zingizni “tozalashingiz” kerak. Uning talablarini qondira olgan ayol yana erga tegishi mumkin. Mulkka egalik qila olmaysiz.

“Mulk va ayol – bir-biriga tamoman begona tushunchalar. Erga tegishingiz bilan siz birovning mulkisiz. Sizga hech narsa tegmaydi. Ajrashsangiz ham hamma narsa ernikida qoladi”.

Biroq Malavi qonunlariga ko’ra, ayollar bolaligidanoq mulkka egalik huquqiga ega. Ota-onasidan, nikohdan mulk o’tadi.

Qabilaviy yetakchilar ham hozirda targ’ibot ishlarida faollashgan.

Har qanday rivojlanish mahalliy omillarga tobe. Qadriyat va odatlarni qayta ko’rib chiqish kerak, deydi faollar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG