Breaking News

AQSh-O'zbekiston munosabatlarining strategik jihatlari. Vashingtonlik tahlilchi bilan suhbat


US Uzbekistan
US Uzbekistan

ODIL RUZALIEV (AMERIKA OVOZI): Tomoshabinlarga tushunarli boʻlishi uchun “strategik munosabatlar” atamasini ta’riflab bersangiz? Bu nima degani?

AQSh-O'zbekiston munosabatlarining strategik jihatlari. Vashingtonlik tahlilchi bilan suhbat
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:14:20 0:00

MAMUKA TSERETELI (MARKAZIY OSIYO-KAVKAZ INSTITUTI): Bilasizmi, bu savolga har xil odam har xil javob berishi mumkin. Ammo mamlakatlar strategik sheriklik haqida gapirganda nafaqat ikki tomonlama, balki ko'p tomonlama bosqichlardagi hamkorlikni ham nazarda tutadi. Bunday davlatlar xalqaro xavfsizlik yoki iqtisodiy muammolar va tahdidlarni hal qilishda, mushtarak manfaatlar yo’lida mintaqalarga ta’sir qiluvchi umumiy pozitsiyadan kelib chiqadi.

Buning uchun ular harbiy ittifoqqa a’zo bo’lishi shart emas, ammo shunday bo’lib turadi ham. Esingizda bo’lsa, bir vaqtlar Amerika Qo'shma Shtatlarining O'zbekistonda harbiy bazasi bo'lgan va ehtimol, bu strategik sheriklikning eng yuqori bosqichi bo’lgan.

Busiz ham strategik sherik bo’lish mumkin va dunyodagi ko’plab bunday mamlakatlar o’rtasida xavfsizlik kafolatlari yoki shunga o'xshash narsalar yo’q. Ya’ni umumiy tahdidlar - siyosiy, xavfsizlik yoki iqtisodiy tahdidlarga bir pozitsiyadan yondashgan va ularga qarshi birgalikda kurashgan davlatlar o’rtasidagi aloqalarni ham strategik hamkorlik sifatida tavsiflayman.

ODIL RUZALIEV (AMERIKA OVOZI): Xo'sh, O'zbekiston misolida hozirni oladigan bo’lsak, strategik sheriklik nimadan iborat?

MAMUKA TSERETELI (MARKAZIY OSIYO-KAVKAZ INSTITUTI): Ayni damda AQSh va O’zbekiston qator muhim strategik muammolar bilan ayni pozitsiyadan yuzlashmoqda. Xalqaro terrorizm haqida gapiradigan bo'lsak, bu tahdidga qarshi kurashda o’xshash qarashlar mavjud. Bu har ikki davlatga ta’sir qiladi, to‘g‘rimi? O'tgan yili Afg'onistonda sodir bo'lgan voqealardan keyin, ya’ni avgust oyida Amerika qo'shinlarining Afg'onistondan shoshilinch ravishda chiqib ketishidan keyin Markaziy Osiyo uchun xavfsizlik muammolarining ba'zilari kuchaydi va menimcha, AQSh va O'zbekiston bu muammolarga qarshi kurashda umumiy pozitsiyaga ega.

Umumiy pozitsiya deganda kuchaygan tahdidlarga qarshi kurashish taktikasini nazarda tutmayapman, biroq davlatlar radikal unsurlarning Markaziy Osiyoga kirib kelishini yoki umuman radikalizmning dunyo bo’ylab tarqalishini istamaydi. Shu ma’noda AQSh O‘zbekistonga Markaziy Osiyodagi barqarorlik langari sifatida qaraydi, ya’ni Afg‘onistondan radikal, terrorchi harakatlarning Markaziy Osiyoga tarqalishining oldini oluvchi langar sifatida. Ikkinchi omil, menimcha, Xitoyning kuchayib borishi. Xitoy hozirgi bosqichda Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita tahdid emas. Markaziy Osiyo mamlakatlariga Xitoydan hech qanday harbiy yoki xavfsizlik tahdidi kelayotgani yo‘q, lekin menimcha, Xitoy kuchayib borayotgan tashqi qiziqishi va ishtahasiga ega yirik qudratli davlat sifatida Markaziy Osiyo davlatlarining ba’zilari uchun xavfsizlik muammosiga aylanishi mumkin.

Bu masalada ham AQSh va O'zbekiston bir pozitsiyada bo'lishi mumkin. Har ikki mamlakat Xitoy bilan savdo qilayotgan, savdoni kuchaytirib, iqtisodiy munosabatlarni teng ravishda chuqurlashtirayotgan bir paytda Xitoydan Markaziy Osiyoda siyosiy yoki xavfsizlikni nazorat qilish ma’nosida tahdidlar tarala boshlasa, nazarimda, O'zbekiston ham, AQSh ham bunga qarshi bo'ladi. Uchinchisi rus omili bo’lib, buni nazardan qochira olmaymiz. Aynan shu masalada umumiy manfaatlarni muhimroq va chuqurroq desa bo’ladi.

Sobiq ittifoq hududi xaritasiga nazar tashlasangiz, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a'zo davlatlar borligini ham, Boltiq dengizi bo’yida NATOga a'zo davlatlarni ham ko’rsa bo’ladi. Biroq bu ittifoqlarning hech biriga a'zo bo'lmagan beshta davlat ham bor va shu beshta davlatdan to'rttasi o'z hududida jiddiy mojarolarga ega. Bular Ozarbayjon, Gruziya, Moldova va Ukraina. Beshinchisi O’zbekiston bo’lib, unda bunday muammo yo’q. Neytral maqomdagi Turkmanistonni ham keltirish mumkin. Bu davlat ham hozirgi bosqichda mojarodan xoli.

O'zbekiston kabi o'zini himoya qilish salohiyati yoki boshqalar bilan hamkorlik qilish yoki o'z suverenitetini kengroq miqyosda himoya qilishdan manfaatdor davlatlar uchun Rossiya ehtimoliy tahdiddir. Shubhasiz, O‘zbekiston Rossiya bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni o‘rnatishni istaydi va bilamizki, O‘zbekistonning ko‘p sonli fuqarolari Rossiyada yashab, ishlab, vataniga pul jo‘natib turadi.

Demak, bu munosabatlar muhim. Oʻzbekiston, ehtimol, Markaziy Osiyo davlatlari orasida Rossiya harbiy kuchlari yoki boshqa turdagi xavfsizlik tahdidlari oldida himoyasi kuchliroq davlat boʻlsa kerak. Bunga mamlakat hajmi, qurolli kuchlarining hajmi, Rossiya bilan chegaradosh emasligi va boshqa omillar sabab. Biroq shunga qaramay, bu tahdidni ham istisno eta olmaymiz.

Agar Rossiya Ukrainadagi harbiy amaliyotini muvaffaqiyatli yakunlasa, ishtahasi ochilib ketishi mumkin. Rossiyaning chegaralari yo'qligi, “sobiq Sovet Ittifoqi makoni chegaralarining Rossiya strategik chegaralari” ekani haqidagi bayonotlarini bir necha bor eshitganmiz. Xullas, bu AQSh va O‘zbekiston birday qabul qiladigan ehtimoliy xavfsizlikka tahdidlardan biri.

ODIL RUZALIEV (AMERIKA OVOZI): Tolibonning xalqaro hamjamiyatga qo'shilish va u tomonidan tan olinish istagini inobatga olgan hamda hozirgi toliblarning avvalgi Tolibon hukumatidan farq qilishini tan olgan holda harakatning Markaziy Osiyoga, xususan, O’zbekistonga tahdidi kamaygan deyish to’g’rimi?

MAMUKA TSERETELI (MARKAZIY OSIYO-KAVKAZ INSTITUTI): Tahdid 20 yil oldingidan pastroq deb o’ylayman. Bilgan, eshitganlarimdan shunisi ma’lumki, nazarimda hozirgi Tolibon rahbariyatida Markaziy Osiyoning barcha davlatlari, jumladan, O‘zbekiston bilan normal savdo va qo‘shnichilik munosabatlariga ega bo‘lish, Markaziy Osiyo bilan ko‘proq savdo qilish, tovar ayirboshlash va tranzitdan foydalanish istagi katta. Tahdidlar cheklanganroq, ammo butunlay yo’qqa chiqmagan.

Afg'onistondagi markaziy hukumat mamlakat hududini hozir yoki keyinchalik qanchalik nazorat qila olishi ma’lum emas. Bilamizki, Kobulda markaziy hukumat yo'q. Barcha hududlari va barcha siyosiy guruhlarini, hatto barcha harbiy guruhlarni nazorat qilmaydi. Demak, tahdidlar mavjud va ularning tarqalish xavfi ham mavjud. Biroq tahdid darajasi 1990-yillar oxiridagidek yuqori emas.

O‘ylaymanki, iqtisodiy hamkorlik istiqboli avvalgiga qaraganda yuqori.

ODIL RUZALIEV (AMERIKA OVOZI): Aytingchi, Rossiyaning Oʻzbekistonga nisbatan tahdid darajasini idrok etishda AQSh va O’zbekiston o’rtasida qanday farq bor?

MAMUKA TSERETELI (MARKAZIY OSIYO-KAVKAZ INSTITUTI): Nazarimda, Rossiyaning boshqa mamlakatlarga harbiy yoki boshqa yo'l bilan aralashish ishtahasini kamaytirish yoki bartaraf etish bobida AQSh uzoq muddatli ta’sir ko’rsatishni istaydi. Barcha hamkor davlatlarni sanksiyalarga qo’shilishga undash AQSh hukumati uchun ustuvor vazifalar ro'yxatida yuqori o’rinda turibdi.

Ayni pallada Rossiya bilan savdo qilayotgan yoki boshqa turdagi munosabatlarga ega sobiq Sovet davlatlariga biror bosim qo’yilmayotganini bilaman.

Harbiy yoki boshqa turdagi ishlab chiqarishda zarur bo’lgan ayrim nozik texnologiyalar yoki uskunalarning bu mamlakatlar, jumladan O’zbekiston hududi orqali o’tkazilishini AQSh istamagan bo’lardi. O‘zbekiston va boshqalar bundan xabardor bo‘lishi kerak. Qo'shma Shtatlar tarafidan ayni damda bosim va tahdidlar bo'lmasa-da, sanksiyalar bundan keyin faqat kuchayishini aytish kerak. Bu mening fikrim.

Sanksiyalar chuqurlashishgan va kengaygan sari AQSh barcha hamkor davlatlarni ularga qo’shilishga taklif etadi yoki ularning o’zi shunday bosim ostida bo’ladi.

O‘zbekistonning Rossiya bilan iqtisodiy aloqalarni qandaydir darajada saqlab qolish istagi bor va bu kelajakda ayonroq bo’ladi. Ya’ni bir necha oydan keyin, darhol emas.

ODIL RUZALIEV (AMERIKA OVOZI): Sobiq Sovet Ittifoqi davlatlari har doim AQSh yoki Rossiya bosimi ostida bo‘lishini bilasiz. Boltiqbo‘yi davlatlari bundan mustasno albatta. O’zbekiston, sizningcha, qaysi tomonga ko’proq og’moqda?

MAMUKA TSERETELI (MARKAZIY OSIYO-KAVKAZ INSTITUTI): Ba’zi davlatlarning AQSh bosimiga uchrashiga ehtiyoj yo’q, chunki ularning siyosati G’arb pozitsiyasi bilan hamohangdir. Biroq ular ham juda ehtiyotkor bo’lishga harakat qiladi. Gruziya yoki Moldovani olaylik. Gruziya Yevropa Ittifoqi bilan assotsiatsiya shartnomasini imzolagan, Moldova a’zolikka nomzod bo’ldi. Ularda Yevropa institutlariga qo'shilish istagi kuchli, Gruziyaning NATOga intilishi bor.

Ammo Rossiyaga sanksiyalarning katta qismi joriy qilinganidan keyin ham Gruziya bu yo’ldan bormadi, o'zaro savdo hanuz davom etmoqda. O'zbekiston esa, mening nazarimda, qandaydir muvozanatli pozitsiyani saqlab turishga harakat qiladi. Bunga, albatta, [Ukrainada] urush qanday yakunlanishi ham ta’sir qiladi. Agar harbiy amaliyot cho’zilib ketsa, hech bir tomonning qo’li baland bo’lmasa, bosim kuchayishi mumkin.

O’zbekiston imkon qadar mana shu muvozanatli yondashuvga sodiq bo’lib turadi.

Urushdagi vahshiylik darajasiga ham ko’p narsa bog’liq. Agar biz yaqinda ko'rgan vahshiylik davom etsa, xalqaro hamjamiyatning Rossiya bosqiniga nisbatan noroziligi kuchayishi mumkin.

Masalan, BMT bosh kotibi Kiyevda bo’lgan payt shaharga raketalarning otilganini hech kim yoqlamaydi.

Eng boshida sanksiyalarga umuman xayrixoh bo’lmagan kattaroq davlatlar ham o’ta ehtiyotkor pozitsiyani egallab, Rossiya bilan iqtisodiy munosabatlarni asta-sekin kamaytirishga harakat qilmoqda. Masalan, Xitoy Rossiyaga qaraganda boshqa manbalardan ko’proq neft olmoqda. Bu tendensiya davom etadi.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG