Breaking News

Maradona ota-onasining qabri yonida dafn etildi


Futbol dunyosi afsonaviy Diyego Maradona bilan vidolashdi. Uning jasadi Argentina poytaxti Buenos-Ayresda ota-onasi yotgan qabristonga qo’yildi. Maradona o’ynagan jamoalar futbolkalarini kiygan o’n minglab muxlislar shahar ko’chalarida aza tutmoqda.

Maradonaning onasi Dalma 2011-yilda 81 yoshda, otasi Diyego esa 2015-yilda 87 yoshda olamdan o'tgan.

Mamlakatda uch kunlik motam e’lon qilindi. “Futbol yetim qoldi” deya hayqirdi ba’zilar.

Dafn marosimida Argentina terma jamoasida Maradona bilan to’p surgan ayrim futbolchilar ham qatnashdi.

Futbol maydonida argentinaliklar Maradonani “xudo” deb bilardi. Buenos-Ayres tevaragida qashshoq oilada dunyoga kelgan Diyego 9 yoshida “Argentino Xuniors” jamoasida o’ynay boshlaydi. Bu klubga qarashli stadionga marhum yulduzning nomi berilgan.

Maradona, shuningdek, “Boka Xuniors”, Ispaniyaning “Barselona”, Italiyaning “Napoli” klublarida ham to’p surdi. Maradona tufayli “Napoli” ikki marta mamlakat chempionligini qo’lga kiritdi. Uning sharafiga jamoa 10-raqamli futbolkani boshqa hech qaysi o’yinchiga bermadi.

1986-yilda Maradona yetakchiligida Argentina jamoasi Jahon kubogini qo’lga kiritdi, 4 yil o’tib kumush medal sohibi bo’ldi.

1995-yilda Maradona dunyoning eng yaxshi futbolchisi deb e’tirof etildi.

2010-yil Jahon chempoinatida Maradona milliy termaga murabbiylik qildi, ammo jamoa chorak finalda Germaniyaga yirik hisobda mag’lub bo’lib, musobaqadan chiqib ketdi. So’nggi yillarda Maradona bir necha mamlakatda mayda klublar bilan ishladi.

Maradona bir necha yil oldin “agar spirtli ichimliklar va giyohvand moddalarga ruju qo’ymaganimda, bundanda kattaroq yutuqlarga erishgan bo’lardim” deya tan olgan edi.

Maradonaning o’limi dunyo bo’ylab ko’plab futbol ishqibozlarini larzaga soldi. Suriyalik bir rassom urushda vayron bo’lgan Idlib viloyatidagi vayronalardan birining devoriga Maradonaning suratini tushirdi.

Aziz Asmar bolaligida uning o’yinlarini qiziqish bilan tomosha qilganini eslaydi.

Rassom Binnish shahridagi bu asari orqali urush oqibatida uylaridan ayrilgan suriyaliklar taqdiriga e’tibor qaratmoqchi. Viloyatdagi salkam 4 million odamning aksariyati boshqa joylarga qochgan, chodirli lagerlarda, bitmagan binolarda yashaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG