Salkam bir oy oldin 60 yillik yubileyini nishonlagan argentinalik afsonaviy futbolchi Diyego Armando Maradona kutilmaganda vafot etdi. Jahon futboli ulkan judolikka uchradi.
“Maradona argentincha “El Pibe” iborasining yaqqol ifodasi edi. Ya’ni “yigitcha”. Qashshoq argentinaliklar o’zini shunday deb ataydi. Sochlari jingalak, jo’shqin, beparvo, quvnoq edi. Uni “El Pibe del Oro” yoki “Oltin yigitcha” deb chaqirishardi. Nazarimda, u argentinaliklar xotirasida aynan shunday muhrlanib qoladi”, - deydi sport tahlilchisi Slava Malamud.
Tarixda eng buyuk futbolchilardan biri bo’lgan Maradona 1986-yil Jahon chempionatida Argentinani g’alabaga yetaklagan. Chorak finalda Angliyaga qarshi o’yindagi ikki golini muxlislar ayniqsa ko’p eslaydi. Gollardan birini u qo’li bilan kiritgan edi.
“Har ikki gol ajoyib edi. Gol qo’l bilan urilganini hakamdan boshqa hamma ko’rgan edi. Shunga qaramay, uni Angliyada ham juda qadrlashadi”, - deydi Malamud.
Maradonaning o’limi butun sport olamini larzaga soldi. Mashhur futbolchilar, futbol klublari birin-ketin ta’ziya bildirishmoqda, Maradona bilan bo’lgan uchrashuvlarini xotirlashmoqda.
Didye Drogba futbolga Maradona tufayli mehr qo’yganini aytadi.
Krishtiano Ronaldu:
“Bugun do’st bilan vidolashyapman, dunyo esa abadiy daho bilan. Dunyodagi eng buyuk o’yinchilardan biri, tengsiz sehrgar edi. U hayotdan bevaqt ko’z yumdi, ammo ulkan meros qoldirdi”.
Futbol qiroli Pele:
“Qayg’uli xabar. Men buyuk do’stimdan, dunyo esa afsonadan ayrildi. Aytilmagan ko’p gaplar bor hali. Yaratgan oilasiga kuch va sabr bersin. Bir kun kelib, jannatda u bilan to’p suramiz degan umiddaman”.
Frenk Riberi:
“Haqiqiy futbol afsonasining hayotdan ko’z yumgani haqida eshitish naqadar dahshatli. Ammo afsonalar hech qachon o’lmaydi”.
Lionel Messi:
“Barcha argentinaliklar va futbol uchun juda ham qayg’uli kun. U bizni tark etdi, ammo qalbimizdan ketgani yo’q. Diyego abadiydir”.
Oktabr oxirida Maradona 60 yilligini nishonlagan edi. Argentina poytaxti Buenos-Ayres markazida uning sharafiga 100 metrlik bilbord qo’yildi.
“Ko’plar uning shaxsiy hayotini tanqid qiladi. Diyego bu futboldir, hayotdir. Uning shaxsiy hayoti o’z ishi edi, ammo bizga ko’p narsa berdi”, - deydi muxlislardan biri.
Maradonaning spirtli ichimliklar va giyohvand moddalarga ruju qo’ygani nafaqat futbol umrini qisqartirdi.
Argentina Prezidenti Alberto Fernandes mamlakatda 3 kunlik motam e’lon qildi. Maradonaning jasadi joylangan tobut shanba kungacha prezident saroyida turadi. Minglab muxlislar uzundan-uzun navbatda turib, afsonaviy futbolchi bilan vidolashmoqda.
“Bugun har birimizning kimimizdir o’lganday bo’ldi. Kimdir farzandini, kimdir otasini, kimdir onasini yo’qotganday bo’ldi”, - deydi muxlislardan biri.
Maradona yurak xurujidan vafot etdi. Ikki hafta oldin uning bosh suyagida gematoma aniqlanib, miyasiga operatsiya o’tkazilgan edi.
Facebook Forum