Marixuana iste'moli Kaliforniyada endi jinoyat emas

  • Amerika Ovozi

Shoxobchadagi marixuana turlari, Oklend, Kaliforniya

1-yanvardan Kaliforniyada marixuanadan notibbiy maqsadda foydalanishga qonunan ruxsat berilgan, ammo bu shtatning hamma shahrida ham nasha ochiq sotuvga chiqarilmagan hali. Mahsulotga talab yuqori, ammo yangi turdagi bu biznesni tartibga solish hozircha yo‘lga qo’yilmagan.

Kaliforniya shtatidagi “Medmen” tibbiy marixuanani sotish shoxobchasida o’nlab odamlar nashani ilk bor ochiq sotib olish uchun navbatda turibdi.

“Bu tarixiy voqea. Bir yarim soatdan beri navbatda turibmiz. Ajoyib kun, bu yerga kelganimiz yaxshi bo’ldi”, - deydi xaridor Jeyson Lavit.

1-yanvardan boshlab Kaliforniya AQShda marixuanani ochiq sotishga ruxsat bergan oltinchi shtat bo’ldi. Aytish joiz, nashani chekish, sotib olish yoki saqlash federal qonunda hamon jinoyatdir.

Salkam 40 million aholi yashovchi shtat iqtisodiyoti o’z hajmi bo’yicha dunyoda oltinchi o’rinda turadi. Marixuanani bunday yirik shtatda qonuniylashtirish katta ahamiyat kasb etadi.

“Marixuanani ilk bor qo’rqmasdan sotib olish zavq bag’ishlaydi. Bu inson huquqlari bobida katta g’alabadir. Ko’ngil istaganini qilish, o’zligini ifoda etish, vaqtni chog’ o’tkazish erkinligi ajoyib hissiyotdir”, - deydi kaliforniyalik Stiven Varn.

Nasha savdosi bilan bog’liq biznesni yuritish qoidasi har bir shaharda o’zgacha. Shtatning barcha shaharlari savdoni tartibga solishga, do‘konlarni ochishga ulgurmagan hali. Yangi ochilgan do’konlarda esa savdo chaqqon, odamlarning keti uzilmaydi. Shtat bundan milliardlab dollar foyda ko’rishi kutilmoqda.

“Bugun Gollivudning g’arbiy qismida ilk bor nashani qonuniy sotyapmiz. Tashqaridagi navbatda 150 tacha odam turibdi. Ichkarida ham anchagina xaridor bor. Hammaning kayfiyati baland”, - deydi “Medmen” rahbari Adam Birmen.

Do’konlar ochilishda davom etarkan, kaliforniyaliklar marixuanani endi nafaqat sotib olishi, balki o’z uyida cheklangan miqdorda o’stirishi ham mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG