Breaking News

AQSh Marsga apparat uchirishga tayyor


AQShning Fazoni tadqiq etish agentligi oy oxirigacha yangi marsoxodni uchirmoqchi. Missiya texnik muammolar sabab bir marta qoldirildi.

“Ilk rejadan bir necha kunga qolib ketdik. Parvoz 17-iyulga belgilangan edi. Qator texnik muammolarga duch keldik. Fazo kemasi hozir parvozga tayyor. Marsoxod raketaga biriktirilgan”, - deydi NASA olimi Kennet Farli.

Mutaxassislar hozir so’nggi sinovlarni o’tkazyapti.

“Raketani uchirishning qiyin tomonlaridan biri shuki, hamma narsa o’z joyida bo’lishi kerak. Parvoz marsoxoddagi muammolar uchun qoldirilmagan, shunchaki apparatni raketaga to’g’ri joylashtirish zarur”, - deydi olim Betani Elman.

Mutaxassisga ko’ra, fazo kemasi ikki hafta ichida koinotga ko’tarilishi kerak.

“Raketa sozlangan bo’lsa, ob-havo yaxshi bo’lsagina parvoz amalga oshiriladi. Ba’zan ob-havo yaxshilanishini kutish kerak”, - deydi Elman.

Agar raketa agvust o’rtalarigacha uchirilmasa, missiyani qoldirishga to’g’ri keladi, chunki Yer va Marsning bir-biriga nisbatan to’g’ri joylashishini kutish kerak, bu esa bundan keyin 2022-yilda ro’y beradi. Parvozning kechiktirilishi yarim milliard dollarga tushishi mumkin.

AQSh, Xitoy va Birlashgan Arab Amirliklari “Marsda hayot bormi” degan savolga javob topish maqsadida shu haftadan boshlab Qizil sayyoraga fazogirsiz kema uchiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG