Breaking News

Amerika: Qatliomlar ostida katta bo'layotgan avlod


Qatliomlar ostida katta bo'layotgan avlod
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:12 0:00

AQShda bu yili ro’y bergan ommaviy otishmalar soni 300 dan oshdi. Qurolga egalik masalasida konstitutsiya bu mamlakatda fuqarolarga keng huquqlar beradi. So’nggi ikki otishma Pensilvaniya va Kaliforniyada ro’y berdi, har ikkisida 10 dan oshiq odam o’lgan. Amerikada o’sib-ulg’aygan yosh avlod uchun ommaviy otishmalarga tayyor turish - hayotiy haqiqat.

Qo’shma Shtatlarda xotira marosimlariga tez-tez ko’zingiz tushadi. Kaliforniyadagi so’nggi otishmada sobiq askar klubda 12 kishini otib tashlagan. Keyla Senford o’tgan yili Las-Vegasdagi qatliomda omon qolgan edi.

“Las-Vegas voqeasidan bir yil o’tdi. Bu otishmada omon qolganlarning xayolidan nimalar o’tayotganini bilaman. Mana shu barga o’zim ham ko’p marta kelganman”, deydi u.

Senford qon topshirishga ketyapti. Bu hududda yana bir otishma bo’ladi deb o’ylamagan edi:

“Qatliomlar normal holga aylanayotgandek. Odamlar buning dahshatini his etmay qo’ygan”.

Qo’rquv uni tark etmaydi.

“Bir joyga borishdan avval o’ylanib qolaman. Do’konga ham, savdo markazlariga ham”, - deydi Senford.

Kaliforniyadagi barda otishma. Pitsburgda sinagogada. Texasda esa hujumchi maktabga kirgan edi. Bular hammasi 2018-yilda ro’y berdi.

“Doimiy qo’rquvda yashash bu - terrorizm. Otishmalar terrorizmning bir ko’rinishi ekanini tan olishimiz kerak. Biz o’z yurtimizda, o’z chegaramizda, bir-birimizdan qo’rqib yashayapmiz”, - deydi uch farzandning onasi Greys Fisher.

U kabi amerikaliklar qurollarni kuchliroq nazorat qilishni talab qilmoqda. Farzandlarimiz kelajagi uchun, deydi ular.

“Odamlar “yana bir ommaviy otishma bo’libdi”, deb ketaveradi. Jirkanch bir holatdamiz axir. Har safar qon to’kilganda o’zimni qo’yishga joy topolmayman. O’sha bolakaylarning, ota-onalarning o’rniga o’zimni qo’yib ko’raman. Kechqurun bolangizni o’pib uxlatasiz, ertalab maktabga yuborasiz, bir kun u maktabdan uyga qaytmaydi. Bolalar maktablarda o’ldirilayotgani qanday dahshat?”, - deydi Fisher.

“Ota-onalar va o’qituvchilar maktabdagi bolalar bilan otishmalarga tayyorgarlik ko’rish haqida gaplashishiga to’g’ri keladi. Birov qurol ko’tarib sinfga kirsa, nima qilasan deb so’raydi. Ahvol shu darajaga keldi”, - deydi Las-Vegasdagi otishmadan omon qolgan Kayla Senford.

“Ko’p qirrali muammo bu. Ko’p qirrali yechim topish kerak bo’ladi. Ammo gap qurollarda emas deyish - bu bir bahona”, - deydi ona.

Kongress ham, prezident ham bu masalaga befarq ekan, amerikaliklar reallikka moslashishga majbur. Ular farzandlarini ham shunga o’rgatishadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG