AQSh Mudofaa vaziri kutilmaganda Afg'onistonga bordi

  • Amerika Ovozi

AQSh Mudofaa vaziri Jeyms Mattis (chapdan ikkinchi) Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani (markazda) qabulida, 24-aprel, 2017-yil, Kobul, Afg'oniston.

AQSh Mudofaa vaziri Jeyms Mattis kutilmaganda Afg'onistonga keldi. U mamlakat rahbari Ashraf G'ani hamda boshqa rasmiylar bilan xavfsizlik masalalarini muhokama qilishi ko'zda tutilgan.

Mattis Afg'onistondagi xalqaro kuchlar qo'mondoni, AQSh generali Jon Nikolson bilan ham ko'rishadi.

Tashrif bir necha kun avval 10 Tolibon isyonchisi kamida 140 afg'on askarini o'ldirib ketishi ortidan yuz bermoqda. Bu so'nggi 16 yildagi eng qonli hujum ekani aytilmoqda.

Afg'oniston Mudofaa vazirligi so'zlovchisi general Muhammad Radmaneshning aytishicha, afg'on askarlari kiyimida kelgan hujumchilar yarador askar borligini ro'kach qilib, hujjatlarni belgilangan tartibda tekshirtirmasdan Mozori Sharifdagi Afg'on Milliy armiyasi bosh idorasiga kirib kelgan.

Tolibon hujum uchun mas'uliyatni o'z zimmasiga oldi. Guruh bayonotiga ko'ra, Qunduz va Bag'londagi toliblar amirining o'ldirib ketilganiga qasos bu.

Afg'oniston hukumati voqeani tergov qilmoqda.

Mattis Afg'onistonga tashrif buyurar ekan, mamlakat Prezidenti Ashraf G'ani to'rt yilga mo'ljallangan xavfsizlik rejasini e'lon qilishi kutilyapti. AQSh Mudofaa vaziri tashrif davomida shu masalani ham muhokama qiladi.

Rejaga ko'ra, AQSh Afg'onistonga 200 tagacha vertolyot va samolyot beradi. Afg'oniston maxsus kuchlari sonini ham ikki baravar oshirish ko'zda tutilgan.

Xavfsizlik bo'yicha yangi yordam tasdiqlanishi uchun, avvalo, Oq uy va AQSh Kongressi uni ma'qullashi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG