Pentagon rahbari Ukrainada bo’ldi

  • Amerika Ovozi

AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis Kiyevda Ukraina Mustaqilligi kuni munosabati bilan uyushtirilgan paradni tomosha qilmoqda, 24-avgust, 2017-yil

AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis Ukrainada bo’lib, Prezident Petro Poroshenko va Mudofaa vaziri Stepan Poltorak bilan uchrashdi.

Ukrainaning Rossiya bilan mojarosida Kiyev tarafini olgan Qo’shma Shtatlar bu mamlakatga yuzlab million dollarlik yordam ko’rsatgan. Biroq Ukraina shu paytgacha Amerikadan qurol olmagan edi. Tramp ma’muriyati mamlakat sharqida bo’lginchilar bilan jang qilayotgan Ukraina armiyasini qurol bilan ta’minlash ustida o’ylanmoqda.

“Bu yerdagi vaziyat bilan tanishib, Vashingtonga qaytgach davlat kotibi va prezidentga o’z tavsiyalarimni beraman”, - dedi Mattis.

AQSh Rossiyani Donbassda bo’lginchilarni askar va qurol bilan ta’minlayotganlikda ayblab keladi, Moskva bu da’volarni rad etmoqda.

“Biz Qrimning Rossiyaga qo’shib olinganini tan olmaymiz. Rossiyaning inkorlariga qaramay, u xalqaro chegaralarni kuch bilan o’zgartirishga harakat qilayotganini bilamiz”, - dedi Amerika mudofaa vaziri.

Boshqalar nazarida, Qo’shma Shtatlar Ukrainaga qurol uzatsa, Rossiya harbiy harakatlarini kuchaytirib, mojaro qonliroq tus olishi mumkin.

“Bunday siyosat teskari natija berishini Prezident Obama anglab yetgan edi. Prezident Tramp vaziyatni qanday baholashini hozircha bilmaymiz”, - deydi vashingtonlik tahlilchi Maykl Oxanlon.

O’quv yili boshlanar ekan, Ukraina armiyasi va bo’lginchilar sulhga kelishib oldi. Oxanlonning aytishicha, bu ruslar uchun taktik tanaffus bo’lishi ham mumkin.

“Sulh ko’pga yetishiga ishonmayman. Rossiya vaziyat barqarorlashganini ko’rsatib, Ukrainaga qurol berish bilan ahvol yomonlashishi mumkinligiga ishora qilmoqchi bo’layotgandir”, - deydi Brukingz instituti tahlilchisi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG