Trampning milliy xavfsizlik bo'yicha yangi maslahatchisi: Islom dushman emas

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Donald Tramp (o'ngda) general-leytenant H.R. Makmaster bilan, 20-fevral, 2017-yil.

AQSh rahbarining Milliy xavfsizlik bo'yicha yangi maslahatchisi general-leytenant H.R. Makmaster islom va musulmonlar yuzasidan Prezident Donald Tramp va uning atrofidagi odamlardan farq qiladi.

Makmaster fikricha "radikal islomiy terrorizm" atamasini ishlatish yaxshilikka yetaklamaydi. U bu borada Milliy xavfsizlik kengashi a'zolari bilan gaplashgan. Bu haqda "Nyu-York Tayms" gazetasi xabar berdi.

Uning qarashlari milliy xavfsizlik bo'yicha avvalgi maslahatchi Maykl Flinnikidan farq qiladi. Rossiya diplomati bilan muzokaralari haqida yanglish ma'lumot bergani ortidan iste'foga chiqqan Flin islom va musulmonlarga nisbatan dushmanona qarashi bilan ajralib turar edi.

Makmaster fikrlari avvalgi prezidentlar - Barak Obama va Jorj Bush yondashuviga yaqin. Ular islom e'tiqodini terror harakatlari bilan bog'lamagan, chunki terrorga qarshi kurashda musulmon davlatlar bilan yaqin hamkorlik mavjud edi.

Makmaster Tramp ma'muriyatiga qanchalik ta'sir ko'rsata olishi hali ma'lum emas. Agar Senat Qurolli kuchlari qo'mitasi Makmaster uchun tinglov o'tkazsa, uning qarashlari ommaga ko'proq ma'lum bo'lishi mumkin. Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi, odatda, Senat tasdig'idan o'tmaydi, lekin Makmasterning uch yulduzli yangi lavozimi qonunchilar ko'rigidan o'tishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG