Breaking News

Xelsinki Komissiyasi jahon bo'ylab matbuot ahvolini o'rganmoqda


Xelsinki Komissiyasida tinglov. YXHT davlatlarida matbuot erkinligi darajasiga doir muhokama, 9 iyun, 2010 yil, Vashington.

Kongressdagi tinglovda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga a'zo davlatlarda mustaqil matbuot faoliyati, bu boradagi qonunlar va hukumatlar siyosatini tahlil qilindi.

AQSh Kongressida Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga a'zo davlatlarda matbuot ahvoli bo'yicha tinglov o'tkazildi. Tadbirga taklif etilgan mutaxassislar asosan Markaziy Osiyo va Rossiya haqida gapirdi. Ularning aytishicha, mintaqada mustaqil jurnalistlarga nisbatan tazyiq kuchayib, Internet ustidan nazorat odamlarni erkin axborot oqimidan ayirmoqda.

Jurnalistlarni himoya qilish tashkilotiga ko'ra, jurnalistika dunyodagi eng xavfli kasblardan hisoblanadi. 1992 yildan beri jahon bo'ylab 800 dan ziyod muxbir kasbiy faoliyati tufayli o'lgan. Ba'zilar urush zonalarida jon bergan bo'lsa, boshqalari repressiv hukumatlar qo'lidan. Tashkilot 20 davlatni jurnalistlar faoliyati uchun eng xavfli deb biladi. Iroq, Filippin, Jazoir, Rossiya va Kolumbiya shular jumlasidan.

Kongressda o'tgan tinglovda AQSh Xelsinki Komissiyasi raisi, senator Benjamin Kardinning aytishicha, yana ko'plari qamoqda, ba'zilari ta'qib ostida.

"Xelsinki Komissiyasi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga a'zo davlatlar ham mustaqil matbuot faoliyati va Internetni cheklovchi qonunlar qabul qilib, jurnalistlarga qarshi amaliyotlarga qo'l urayotganidan xavotirda", - deydi senator Kardin.

Yevropa tashkilotining matbuot erkinligi bilan shug'ullanuvchi idorasiga 3 oy burun mas'ul etib tayinlangan Dunya Miyatovichning aytishicha, idora kam sonli va byudjeti cheklangan bo'lishiga qaramay, a'zo davlatlarni tartibga chaqirishdan, ulardan jurnalistlar himoyasini talab etishdan charchamaydi.

"Jurnalistlarga qarshi zo'ravonlik jamiyat va demokratiyaga qarshi zo'ravonlik bilan tengdir. Bunday harakatlar keskin qoralanishi, jinoyatga qo'l urganlar esa jazolanishi lozim. Adliya tizimi va huquq-tartibot organlari saviyasi yaxshilanmas ekan, vaziyat hali-beri o'zgarmaydi", - deydi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti vakili.

Dunya Miyatovich Qo'shma Shtatlarni ham jurnalistlar huquq va vakolatlarini kengaytirishga chaqirdi. Amerikada sud buyrug'iga ko'ra axborot manbalarini fosh etishdan bosh tortgan jurnalistlar javobgarlikka tortiladi. Tarixda bunga doir bir necha shov-shuvli misollar bor. Ayni damda Kongressda jurnalistlarni ba'zi hollarda manbalarini oshkor etmaslik huquqi bilan ta'minlovchi qonun loyihasi ko'rilmoqda.

Tinglovda so'zga chiqqan mutaxassislar va ularni savolga tutgan qonunchilar nazarida ba'zi davlatlarda rasmiylarga qarshi tuhmat va bo'hton uchun jazoga tortuvchi moddalarning borligi ham jurnalistlar ahvolini qiyinlashtirmoqda. Davlat xizmatchilari sog'lom tanqidni tuhmat deb qabul qilib, muxbirlarni sudga berish amaliyotiga chek qo'yilmagan.

"Ba'zi davlatlarda bu kabi qonun borligiga qaramay, undan foydalanilmaydi", - deydi Xelsinki Komissiyasining yana bir raisi, kongressmen Elsi Xeystings. "Ammo ba'zi boshqa mamlakatlar mustaqil axborot vositalarini yopish maqsadida uni ishga soladi. Yana ayrim davlatlar esa bu kabi qonunlarni bekor qilish harakatida. Tashkilot a'zolarining barchasi shunday qilishi lozim".

Tinglovda, shuningdek, Internet, uning axborot tarqatish qudrati va ba'zi mamlakatlarda uni cheklash harakatlari ham tilga olindi. Internet bilim va ta'lim manbai bo'lish bilan bir qatorda yovuz ishlarda ham qo'l kelishi, soxta ma'lumot tarqatib, odamlar fikri va dunyoqarashiga salbiy ta'sir qilish qudratiga ega ekani ta'kidlandi. Ba'zi mamlakatlarda shu bois Internet nazoratga olingan, ammo G'arb bu cheklovlarni tanqid qilib, axborotni elakdan o'tkazish omma zimmasida bo'lishi kerak, demoqda.

Jurnalistlarni himoya qilish qo'mitasi eksperti Muzaffar Sulaymonov O'zbekistondagi ahvolga to'xtaldi.

"Hozirda O'zbekistonda 7 nafar jurnalist panjara ortida. Internetda muxolif saytlarga kirishga to'siq qo'yilgan. Radio va televideniye nazorati to'laligicha davlat qo'lida", - deydi u.

Muzaffar Sulaymonov nazarida AQSh-O'zbekiston munosabatlarining iliqlashayotgani respublikada siyosiy islohotlarga bir oz bo'lsa-da turtki berishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Odil Ruzaliev

    Odil O'zbek xizmatiga 2005-yilda kelgan. Diktor va prodyuser. AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) xalqaro aloqalar sohasida magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekiston TV 1-kanalida ingliz tilidagi yangiliklar – FCN (First Channel News) – ko'rsatuvining muallif-boshlovchisi edi. "Axborot" dasturida mehnat qilgan. Odil ko'p yillar AQShning Toshkentdagi elchixonasi axborot bo'limida ishlagan. O'zbek, ingliz va rus tillarida chop etilgan qator maqolalar muallifi. Farg'ona shahrida tug'ilgan.

    Odil Ruzaliev is a reporter, radio and TV anchor, web editor and producer for Voice of America’s Uzbek Service since 2005. Prior to joining VOA, he worked at the State Radio and TV of Uzbekistan, BBC International’s Central Asia region, and was a regular Contributor for CNN World Report. He has also worked as an Information Assistant at the US Embassy in Tashkent, Uzbekistan. He was the creator and host of the TV program First Channel News, Uzbekistan’s first English language news broadcast. In his spare time he is a freelance photographer. A native of Ferghana Valley, Uzbekistan, Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. In addition, he was an exchange student at Pace University in New York City and holds a master’s degree in international affairs from the Fletcher School of Law and Diplomacy at Tufts University in Medford, Massachusetts.

XS
SM
MD
LG