Mikelanjelo asarlari – umumbashariy boylik

  • Amerika Ovozi

Nyu-Yorkda shu kunlarda ochilgan san’at ko’rgazmasida siz buyuk musavvir Mikelanjeloning nodir asarlarini yaqindan tomosha qilishingiz mumkin. Florensiyada 16-asrda ishlangan suratlar Vatikandan doimiy qo’nim topgan. Ularning 34 namunasi yangi Jahon Savdo Markazida namoyishda.

“Oxirgi hukm”… Vatikanni bu freskasiz tasavvur qilish qiyin. Sistin ibodatxonasining yuragini qamrovchi manzara. To’rt yil mobaynida yaratilgan. Original nusxasi shu qadar ta’sirliki, unga ko’z tashlagan odam 300 ga yaqin chehra va figurani topmay tasvirdan nariga keta olmaydi. Nyu-Yorkda sayyohlar, tabiiyki, unga lol. Soatlab qarab turishadi.

“Odam ko’p emas. Soqchilar ket yoki tezroq qimirla demaydi. Erinmagan odam, qiziquvchan inson, uni maza qilib uzoq ko’zdan kechirishi mumkin. Bo’limma-bo’lim astalik bilan tekshirib chiqasiz. O’rganasiz”.

Vatikandagi ibodatxonada turgan asarlarni Nyu-Yorkda tomosha qilish mumkin
Vatikandagi ibodatxonada turgan asarlarni Nyu-Yorkda tomosha qilish mumkin

Ularni Sistin ibodatxonasida mashhur suratkash, avstriyalik Erik Lessing tasvirga tushirgan. Ular Germaniya orqali keltirilgan. Homiy Bruklinda asoslangan dizayn kompaniyasidir. Ko’rzagma bu firma ishi. Teleprodyuser va kinochi Skott Sanders tashkilotchilardan biri.

“Insoniyatning ko’zini qamashtiruvchi, dilini yayratuvchi, unga ilhom va kuch bag’ishlovchi asarlar, albatta, noyob. Vatikanga borib, Sistin ibodatxonasiga kirib, undan bahra olgan odam buning qadriga yetadi. Boshqalar ham ko’rsin, dedik”.

Bu yerda esa tasvirni suratga olish ham mumkin. Mikelanjelo inson ruhiyatini chuqur o’rgangan musavvir bo’lgan. Har bir chehra, vujud, manzara va holat tasvirida sehr bor. Insoniyat sehri, deydi san’atshunoslar. Asarlar diniy mazmunga ega bo’lsa-da, ularning zaminida ruhiy kechinmalar yotadi.

"Oxirgi hukm" asari
"Oxirgi hukm" asari

"Mikelanjelodek uslub hech kimda bo’lmagan. U tom ma’noda yagona, o’ziga xos musavvur. U chizgan har bir odam qahramonga aylangan. Xotin-qizlar, masalan. Bu chehralarni tomosha qilish, tepaga qarab turganda, oson emas. Bo’yin og’riydi. Bu ko’rgazmada esa ular ko’z oldingizda namoyon. O’tirib ham bemalol ko’rasiz”.

Ko’rgazma Nyu-Yorkdan San-Diyego, Los-Anjeles, Sakramento, Sietl, Chikago va Annapolisda ham bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG