Breaking News

Yaqin Sharq bir kun ichida. Liviya, Suriya, Yaman...


Yaqin Sharq bir kun ichida. Liviya, Suriya, Yaman...
Yaqin Sharq bir kun ichida. Liviya, Suriya, Yaman...

LIVIYA

Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud prokurorlari Liviya rasmiylarini tinch aholi va isyonchilarga qarshi qurol ishlatgan harbiy kuchlar jinoyatlarini yashirmaslikka chaqirib, aks holda ularning o'zini ham javobgarlikka tortish haqida ogohlantirmoqda.

Sud bosh prokurori Luis Moreno-Okampo Liviya Tashqi ishlar vaziri Abdelati Obaydiga shu mazmunda maktub yo'llagan.

Okampo Liviya rahbari Muammar Qaddafiy, o'g'li Sayful Islom va Liviya xavfsizlik xizmati boshlig'i Abdulla al-Sinusiyni insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblab, suddan ularni hibsga olish uchun qaror chiqarishni so'ragan. Liviya rasmiylarining aytishicha, bu mamlakat sudga a'zo bo'lmagani uchun uning vakolatlarini tan olmaydi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti xalqaro donorlardan Liviyadagi mojarodan jabr ko'rgan ikki milliondan ziyod odamga yordam tariqasida 408 million dollar so'ragan. Ulardan 1,6 millioni Liviyada, yarim million odam esa mamlakatni tark etishga ulgurgan.

YAMAN

Yaman prezidenti va muxolifati hukumatga qarshi namoyishlarga barham berishga qaratilgan bitimni imzolashga kelishib olgan.

Prezident Ali Abdulla Solihga yaqin odamlardan birining jurnalistlarga ma'lum qilishicha, hujjatda davlat rahbarining sudga tortilmasligi kafolatlanadi. Evaziga Solih 30 kun ichida hokimiyatni o'rinbosariga topshirishi lozim. Shundan so'ng yangi hukumat tuzilib, unga muxolifat a'zolari ham kiritiladi.

Bitimni Fors ko'rfazi kengashiga a'zo olti davlat diplomatlari ishlab chiqib, prezident va muxolifat o'rtasidagi muzokaralarda vositachilik qilgan. Hujjat aprel oyida imzolanishi kerak edi, biroq Solih uni prezident sifatida emas, balki Xalq kongressi partiyasi raisi sifatida imzolashga ko'ngan edi. Bu esa muxolifatga yoqmagan. Shundan so'ng jarayonga Yevropa va AQSh diplomatlari aralashib, bitim bugun imzolanishi kutilmoqda.

SURIYA

Suriyada faollar xalqni ish tashlashga chaqirganiga qaramay hukumat tazyiqlaridan qo'rqqan omma bugun namoyishga chiqmagan. Xavfsizlik kuchlari uyma-uy yurib, faollarni hibsga olishda davom etmoqda. Poytaxt Damashq, Nava va Talqalah shaharlarida o'q ovozlari eshitilgan.

O'tgan haftadan beri Talqalahda 27 kishi o'lgan. Faollar nazarida namoyishlar mart o'rtalarida boshlanganidan beri Suriyada 850 dan ziyod odam o'lgan, 7000 ga yaqini hibsga olingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG