Breaking News

Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada nima gap? 27-may, 2011-yil


Misrata, Liviya
Misrata, Liviya

LIVIYA

Rossiya Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Sergey Ryabkovning aytishicha, uning davlati Liviya rahbari Muammar Qaddafiyning hokimiyatdan ketishiga vositachilikda yordam beradi. Qaddafiy tinch aholiga qarshi harakatlari bilan ortiq rahbar bo'la olmasligini namoyish etdi, deydi Ryabkov.

Bu o'rtada Qaddafiyga sodiq kuchlar isyonchilar qo'lidagi Misrata shahri uchun yangidan jangga kirgan.

NATOning Liviyadagi harbiy operatsiyasiga qo'mondonlik qilayotgan kanadalik general Sharl Busharning Fransiya matbuotiga aytishicha, hukumat kuchlari Misrata atrofini minalashtirmoqda.

Kecha NATO poytaxt Tripoli, jumladan Qaddafiy yashaydigan hududni bombardimon qilgan.
Liviya Bosh vaziri al-Bag'dodiy al-Mahmudiy isyonchilarga kecha sulh taklif etgan. Muxolifat va NATO nazarida buning uchun Qaddafiy lavozimidan ketishi kerak, biroq bosh vazir bunga ko'nmagan.

Bugun Britaniya va Fransiya NATOga qo'shimcha harbiy vertolyotlar ajratishini bildirgan.

YAMAN

Yamanda hukumatga qarshi chiqqan qabilaviy yetakchilar prezident Ali Abdulla Solih vakillari bilan muzokara ketayotganini va vaqtincha sulhga erishilganini bildirmoqda. Bundan oldin isyonchilar poytaxt Sano tevaragida respublika gvardiyasi joylashgan harbiy lagerni qo'lga kiritgan. Lager qo'mondoni va olti isyonchi o'lgani ma'lum. Shundan so'ng hukumat samolyotlari lagerni bombardimon qilgan.

Bugun juma namozidan so'ng minglab odamlar mamlakat bo'ylab prezidentga qarshi namoyish qilgan. Joriy hafta xavfsizlik kuchlari bilan to'qnashuvda 100 ga yaqin odam o'lgan.

SURIYA

Bugun Suriyada xavfsizlik kuchlari juma namozidan so'ng namoyish qilgan odamlarni kuch bilan tarqatgan. Uch kishining o'lgani ma'lum. Poytaxt Damashqda politsiya 1,500 odamni o'rab olgan. Namoyishlar o'chog'i bo'lmish Himsga qo'shimcha kuchlar safarbar etilib, omma tarqatilgan. Dairul Zur shahrida namoyishchilarga qarshi o't ochilgan.

Zo'ravonliklarga qaramay Suriya muxolifati armiyani ular tomoniga o'tishga da'vat etmoqda. Mamlakatda prezident Bashar al-Assadga qarshi namoyishlar boshlanganidan beri mingga yaqin odam o'lgan.

ISROIL

Isroilning 20 dan ortiq ko'zga ko'ringan arbobi Yevropa rahbarlariga maktub yo'llab, Falastinning BMT tomonidan davlatchiligini tan olishga qaratilgan harakatini qo'llab-quvvatlashni so'ragan.

Maktubga imzo chekkanlar orasida parlament sobiq spikeri Avraam Burg va tashqi ishlar vazirligining sobiq bosh direktori, iqtisodiyot sohasida Nobel mukofoti laureati Daniel Koenman ham bor.

"Falastin mustaqilligining tan olinishi ijobiy va konstruktiv qadam bo'lgan bo'lar edi", deyiladi maktubda.

Arboblar bo'lajak davlat hududini 1967-yilgi Olti kunlik urushdan oldingi chegaralar asosida belgilashga chaqirmoqda. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu, ma'lumki bunga qarshi.

Falastin prezidenti Mahmud Abbos agar AQSh vositachiligidagi muzokaralar sentabrgacha natija bermasa Falastin uning mustaqilligini tan olish uchun BMT Bosh Assambleyasiga murojaat qilishini aytib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG