Breaking News

Migrantlar oqimi - Yevropa uchun boshog'riq


Qutqarilgan migrantlar

Kontrabandachilarning kichik rezinali qayiqlarida Yevropaga yo’l olgan migrantlar O’rta dengizda, Liviya sohiliga yaqin joyda Ispaniyaga qarashli nodavlat tashkilot tomonidan qutqarilib, uning kemasida avval Italiya va Maltada to’xtamoqchi bo’ldi, biroq bu mamlakatlar migrantlarni qabul qilishdan bosh tortgach, “Ochiq qo’llar” deb ataluvchi kema ularni to’rt kun deganda Ispaniyaning Barselona shahriga olib bordi.

Joriy yilda o’n minglab migrantlar Yevropa sohillariga yetgan, ammo janubiy Yevropa mamlakatlari ularni o’z hududiga kiritmayapti.

Qutqaruvchilarning bildirishicha, Italiya va Malta kabi davlatlar nodavlat tashkilotlar kemalarida kelayotgan migrantlarni qabul qilishdan bosh tortmoqda. Natijada odamlar dengizda nobud bo’lyapti.

“60 kishini qutqardik, ammo salkam 500 odam so’nggi to’rt kunda Liviyadan Yevropaga o’taman deb nobud bo’ldi”, - deydi kema kapitani Rikardo Gatti.

Migrantlarni qaytarib yuborayotgan mamlakatlar ko’p tanqidga uchramoqda.

“Oxirgi olti oyda 50 ming odam Shimoliy Afrikadan O’rta dengiz orqali Yevropaga keldi. Nahotki 500 million aholisi bor Yevropa 50 ming odamni joylashtira olmasa? Yevropadagi chegaralarimiz Gretsiya, Italiya yoki Ispaniya chegaralari emas, bularning hammasi – Yevropa chegaralari”, - deydi Ispaniyaning Kataloniya sotsialistik partiyasidan Yevropa Ittifoqida deputat Xavi Lopes.

Afrikalik migrantlar oqimi yana bir necha o’n yil to’xtamasligi mumkin. Yevropaning aksariyat mamlakatlari xarajatlardan qochmoqda. Ba’zilarida immigrantlarga qarshi harakatlar avj olgan.

Germaniya kansleri Angela Merkelning aytishicha, old qatordagi mamlakatlarga migrantlarni ro’yxatga olishda yordam berish kerak.

“Tranzit markazlari ko’p emas. Konstitutsiyamizga muvofiq shaxsni 48 soatdan ko’p ushlab tura olmaymiz. Demak, shu vaqt ichida keyingi manzil tayyor bo’lishi kerak”, - dedi Merkel.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron migrantlar arizalarini Shimoliy Afrikaning o’zida ko’rib chiqish taklifini olg’a surmoqda. Qochqinlik maqomini olgan shaxslargina Yevropaga borishi mumkin bo’ladi.

“Biroq bundan oldin kontrabandachilarga qarshi kurashish zarur. Ayrim joylarda bu ishni yo’lga qo’yganmiz. Liviya hukumati bilan ham hozir shu to’g’risida gaplashyapmiz”, - deydi Makron.

Yevropa mamlakatlari Liviya hukumatini o’z sohillarida kontrabandachilar faoliyatiga qattiqroq kurashishga chaqirib keladi. Biroq farovon hayot izlab rezinali qayiqqa o’tirishga tavakkal qilayotgan odamlar jinoyatchilarga mo’maygina daromad keltirmoqda. Ba’zilar uchun xavfli sahoyat dengizning o’zida fojiali yakunlanmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG