Breaking News

Xayriya uchun berilgan pul xayriya uchun sarflanadimi?


Jang maydonidagi askarlar va ularning oilalari uchun mablag’ to’playdigan tashkilotlar va ularning donorlari ko’p. Ammo tekshiruvlar shuni ko’rsatadiki, bu soha ham firib-hiyladan xoli emas.
Jang maydonidagi askarlar va ularning oilalari uchun mablag’ to’playdigan tashkilotlar va ularning donorlari ko’p. Ammo tekshiruvlar shuni ko’rsatadiki, bu soha ham firib-hiyladan xoli emas.

Amerikada iqtisodiy sharoit og’ir bo’lsada, xayriya miqdori kamaymagan. Topgan-tutganini nochorlar bilan baham ko’rishni ko’pchilik savob deb biladi.

Ayniqsa jang maydonidagi askarlar va ularning oilalari uchun mablag’ to’playdigan tashkilotlarning donorlari ko’p. Ammo tekshiruvlar shuni ko’rsatadiki, bu soha ham firib-hiyladan xoli emas.

Iroq va Afg’oniston faxriylari uyushmasining bildirishicha, askar va uning oilasiga atab berilgan har bir dollar shundan dalolat.

Xayriya ayrimlar uchun yurt himoyasida turganlarga minnatdorchilik bildirishning bir yo’li. Bunda soliqdan ham yutasiz. Boshqalar televideniye orqali urush dahshatini ko’rib beradi.

"Mehr-muruvvatli odamlarga tayanamiz", - deydi faxriylar uyushmasi vakili Tim Embri. Uning o’zi ham Iroqda xizmat qilib qaytgan.

“Urushning dastlabki yillarida armiyadan qaytayotganlar orasida uysiz, nochor xizmatchilar ko’p edi”, - deydi u.

“Bugun bu muammo bilan shug’ullanayotgan guruhlar serob”.

Amerikada harbiy xizmatchilarga moddiy va ruhiy madad ko’rsatuvchi 1400 dan ziyod tashkilot faoliyat yuritadi. Barchasi notijoriy. Davlatga soliq to’lamaydi.

Iroq va Afg’onistondan qaytayotgan minglab askarga yordam tariqasida ommadan pul so'rashadi.

Mablag’ jang maydoniga dori-darmon yuborish uchun, majruh zobitlarni normal hayotga qaytarish va ularning yaqinlariga madad ko'rsatish uchun sarflanadi.

Afg’onistonda xizmat qilib qaytgan leytenant Kristen Merdok faxriylar uchun pul to’plash kampaniyasiga bosh-qosh.

“Xayriya qilgan pulimiz qayoqqa ketayapti, deb doimo so’rashadi tadbirlarda. Chunki natijasi odamlarning ko’z oldida emas”, - deydi u.

So’nggi 10 yilda hukumat faqatgina bir guruhga notijoriy tashkilotlorga beriladigan soliq imtiyozini rad etgan.

Ammo xayriya qog’ozda ko’rsatilgan maqsadda sarflanyaptimi, yo’qmi, bilish qiyin, deydi Bennet Veyner, iste’molchilar huquqi himoyachisi.

Uning aytishicha, ehtiyoj va imkoniyat bor joyda xolis niyatli tashkilotlar tashabbusni darrov qo’lga oladi.

“Afsuski, tovlamachi, qalloblar ham qo’l qovushtirib o’tirgani yo’q”,- deydi Veyner.

Ana shundaylardan biri - Bobbi Tompson. O’g’rilik, moliyaviy firibgarlik va korrupsiyada aybdor deb topilgan bu fuqaro AQSh harbiy dengiz kuchlarida xizmat qilgan faxriyning hujjatlarini o’zlashtirib, notijoriy tashkilot tuzib olgan.

Tekshiruv shuni ko’rsatdiki, deydi prokurorlar, aholidan zobitlarga deb yig’ib olingan pul siyosiy kampaniyalarni moliyalashga sarflangan.

Bobbi Tompson amaldagi va sobiq rasmiylar, kongressmen va senatorlar, va hatto Amerika sobiq rahbari Jorj Bush bilan yonma-yon turgan suratlar bor. Shu tariqa u ishonch qozonishga harakat qilgan.

Tompson hozir qidiruvda. Asl ismi va qayerdaligini hech kim bilmaydi. U 5 yil ichida o’zlashtirgan xayriya miqdori - qariyb 100 million dollar.

Qonuniy tashkilotlar ezgulikka da’vat javobsiz qolmaydi degan umidda. Ko’zbo’yamachilik har sohada bor narsa.

“Aldov-firibni sezgan zahoti hushyor tortasiz. Uzoqroq yurishga, ikkinchi bor pand yemaslikka harakat qilasiz. Odamlar ahmoq emas, so’raydi, surishtiradi, izlanadi”, - deydi Tim Embri, Iroq va Afg’oniston urush faxriylari assostsiyasi vakili.

Donorlar bu ishga qunt va hafsala bilan yondashgani ma’qul, deydi u.

Hushyorlik eng ma’qul strategiya. Shunday tashkilotlar borki, faoliyati qonuniy bo’lsa ham yaxshi idora etilmaydi. Pulingizni kimga, nima maqsadda berayapsiz, so’nggi nuqtagacha kuzatib borish sizning vazifangiz.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG