Breaking News

Kaliforniyada harbiylarni urushga tayyorlovchi markaz


AQShning Kaliforniya shtatida joylashgan “Fort-Irvin” harbiy bazasi askarlarning xorijga safarbar etilishidan oldin mashg’ulotlar o’tkaziladigan asosiy joydir. Shtat janubidagi Moxave cho’lida harbiy mashqlar uchun ko’plab qurilmalar, inshootlar, soxta qishloqlar bunyod etilgan, askarlar uchun Yaqin Sharqdagi kabi sharoitlar yaratilgan.

Xalqaro hayot - 11-may, 2018-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:56 0:00

“Fort-Irvin” harbiy mashg’ulot markazidagi uy va binolarda aholi yashamaydi. Ular mashqlar uchun qurilgan. Qurilish ishlariga Golivuddagi kino pavilionlari dizaynerlari jalb etilgan.

Amerikalik askarlar Iroq yoki Suriyaga ketishdan oldin mana shu yerda mashq qiladi.

Armiya katta serjanti Kodi Britton soldatlarga murakkab tunel tizimidan o’tishni o’rgatmoqda. O’q ovozlari, portlashlar, qalin tutun askarlar ruhiy tayyorgarligini oshiradi.

Brittonning aytishicha, soldatlar eng qiyin vaziyatlarda ham diqqatini yo’qotmasligi kerak.

“Otishma boshlansa, 17-18 yashar yigit-qizlarni jangga tashlaysiz. Ko’plari umrida o’q ovozi yoki portlashni eshitmagan. Ba’zilari yig’lay boshlaydi, kimdir bukilib qoladi, yana kimdir nima qilishini bilmay qotib qoladi. Boshqalar esa jangga kirishadi. Bularni xorijga yuborishdan oldin yaxshilab chiniqtirish kerak”, - deydi katta serjant.

“Fort-Irvin” nafaqat jismoniy va ruhiy tayyorgarlik markazi. Askarlarga turli madaniyatlar haqida bilim ham beriladi. Shuning uchun ham u yerda bozorni ko’rsa bo’ladi.

Visam Aljaburiy Iroqdan, urush paytida amerikalik harbiylarga tarjimonlik qilgan. Vaziyat yomonlashgach, AQShda siyosiy boshpana oldi. Ayni damda Aljaburiy “Fort-Irvin” bazasida tayyorgarlikdan o’tayotgan soldatlarga Iroq haqida ma’lumot beradi.

“Ularga mamlakatni, madaniyatni tushunishda yordam beraman, toki u yerga borganda noqulay ahvolga tushib qolishmasin. Meni madaniy maslahatchi deb atasangiz ham bo’ladi. “Uni qilma”, “bundan ogoh bo’l” deb turamiz. Maslahatlarimiz soldatlarga qo’l kelishi mumkin”, - deydi u.

Askarlar o’zlari mashq qilayotgan joyga “Atropiya” davlati deb nom qo’yib olishgan. Ularning vazifasi fuqarolarni “Donoviya” deb nomlangan yana bir soxta mamlakat armiyasi hujumidan himoya qilish.

Mana bu bo’linma pistirmaga tushgan vaziyatdagi jang usullarini, yaradorlarni evakuatsiya qilishni, reaktiv granatamyotdan otishni mashq qilmoqda.

Oddiy askar Abigeyl Bergoza “Atropiya” qo’shinlari tor-mor etgan dushman harbiylaridan.

“Dushman tomonida harakat qilish g’alati bo’larkan. Axir aslida biz odamlarni himoya qilishimiz kerakku!” – deydi u.

Bu sun’iy shaharda 500 dan ortiq imorat qurilgan, “Fort-Irvin” bazasida bunday shaharlardan jami 15 ta bor. Loyiha ko’p pul talab qiladi. Soliq to’lovchilarning puli qanday sarflanayotganini ko’rsatish uchun baza ba’zi kunlari oddiy amerikaliklarga tomosha uchun ochiq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG