AQSh Polshada mudofaa sistemasi qurilishini to'xtatishi kerakmi?

  • Amerika Ovozi

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg (markazda) Ruminiyada raketa hujumiga qarshi Ijis (Aegis) mudofaa sistemasini ishga tushirish marosimida qatnashmoqda, Deveselu, 12-may, 2016-yil

Rossiya qo’shni davlatlar chegarasi yonida qanotli raketalarni o’rnatishi hamda NATO Boltiq davlatlariga qo’shin yuborishi ketidan Qo’shma Shtatlarda Yevropa xavfsizligi uchun ballistik raketa mudofaasi tizimini kuchaytirish mavzusi muhokama etilmoqda.

Rossiya va Xitoyning G’arbga qarshi ehtimoliy yadro hujumlarini qaytarish uchun bir guruh ekspertlar mudofaa tizimini kuchaytirishni taklif qilmoqda.

Sharqiy Yevropadagi ba’zi mamlakatlar ziddiyatlarni yumshatish uchun muloqot yo’lidan boraylik desa, boshqalari mudofaani kuchaytirish zaruratini ta’kidlaydi. Rossiya bilan aloqalarni yaxshilayman degan Donald Tramp qaysi yo’ldan borishi kerak?

Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazida o’tgan muhokamada Polshada o’rnatilishi rejalanayotgan raketa hujumiga qarshi “Ijis” (Aegis) mudofaa sistemasini qo’llash haqida gap ketdi. Sistema uchun joy o’tgan yili may oyida tanlanib (Redzikovo posyolkasida), qurilish boshlangan. Bungacha tizim Ruminiyada ishga tushdi.

Bunday tizim Eron kabi mamlakatlar ehtimoliy hujumidan mudofaa qilish uchun kerakligi haqidagi AQSh va NATO bayonotlari Rossiyani ishontira olmadi. Kreml buni Yevropada strategik muvozanatni izdan chiqarishga qaratilgan harakatlar deya qoralamoqda.

“Xeritij jamg’armasi” deya nomlanuvchi Vashingtondagi konservativ tahlil markazi xodimi Mixaela Dodj Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa sistemalarini o’rnatishda davom etish kerak, deya tavsiya qiladi.

"Qit’adagi mamlakatlar harbiy salohiyatini oshirish, mintaqaviy hamkorligini kuchaytirish, ittifoqchilarga ham siyosiy, ham harbiy tomondan kuchliroq bo’lishda yordam berish lozim”, - deydi u.

Mezbon tashkilot tahlilchisi Tom Karako bu fikrga qo’shiladi. Uning aytishicha, Rossiya yangi qanotli raketalar batareyasini ishga tushirib, 1987-yilda imzolangan hamda o’rta masofali raketalar joylashtirishni man qiluvchi kelishuvni buzdi va bu bilan AQSh yangi ma’muriyatini og’ir ahvolga solib qo’ydi.

“Polsha va boshqa mamlakatlarda mudofaa sistemasi qurilishini to’xtatish hozir noto’g’ri bo’lardi. Bu yo’ldan qaytmaslik kerak. Sistemani qo’shimcha tahdidlarga moslash zarur, ya’ni qanotli raketalar, havo hujumi tahdidlariga”, - deydi Karako.

Biroq Kaliforniyada asoslangan, yadroviy qurollarga qarshi chiquvchi jamg’arma prezidenti Jozef Chirinsionening aytishicha, Eron yadro dasturini to’xtatishga qaratilgan xalqaro bitim “Ijis” sistemasiga ehtiyojni yo’qqa chiqarmoqda.

“Dasturni vaqtincha to’xtatib qo’ysa ham bo’ladi. Agar davom ettirsak, NATO bo’linib qolishi mumkin. Chunki Rossiya uni o’ziga qarshi deb bilishi mumkin. Rossiyaga NATOni bo’lib qo’yishiga yordam bermang”, - deydi mutaxassis.

Polshadagi sistema taqdiridan qat’i nazar, NATO Yevropa mudofaasini kuchaytirishga qodirmi?

AQSh Senati Qurolli kuchlari qo’mitasi raisi Jon Makkeynning aytishicha, Rossiyaning ikki tomonlama bitimni buzishiga tegishli javob berish zarur.

Kelasi yil boshida Tramp ma’muriyati yangi milliy mudofaa strategiyasini Kongressga taqdim etishi kutilmoqda. Unda yadroviy siyosat hamda ballistik raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimiga o’zgartirishlar joy olishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG