Breaking News

Narendra Modi saylovda g'alabaga umid qilmoqda


Narendra Modi

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi shu payshanba kuni boshlanadigan (19-aprelgacha) saylovlarda g’alaba qozonib, yangi muddatga saylanishga umid qilmoqda. Mamlakat bo’ylab saylov kampaniyasi davomida u ishsizlikni kamaytirishga, qishloq hayotini yaxshilashga so’z berdi.

“Amerika Ovozi” Hindistonning aholisi eng ko’p shtati, shimoldagi Uttar Pradeshda bo’lib, saylovchilar kayfiyatini o’rgandi. Hindiston parlamentidagi deputatlarning katta qismi ham shu shtatdan.

Saunda qishlog’ida shakarqamish yetishtirish bilan shug’ullanayotgan bir fermer Narendra Modi besh yil oldin bergan va’dalarni xotirladi.

“U bizga ko’p yolg’on va’dalar berdi. Biz yetishtirayotgan mahsulot narxini ikki baravar oshirishni va’da qilgan edi, ammo bunday bo’lmadi”, - deydi Dxarmendra Kumar.

Shunga qaramay, Kumar yana Modining “Bxaratiya Janata” partiyasiga ovoz bermoqchi.

“Boshqalar bundan battar”, - deydi u.

Hukmron partiya dekabr oyida uch shtatda saylovlarni boy berib, qishloq xo’jaligini rivojlantirish bilan bog’liq rejalariga putur yetganini aytadi. Kichkina yeri bor dehqonlarga yiliga 85 dollar berish ko’zda tutilgan. Ba’zi fermerlar bundan mamnun.

“Bu puldan hech bo’lmaganda suv bilan o’g’itga to’laymiz. Bungacha topganim shularga ketayotgan edi”, - deydi bu fermer.

Ayrim saylovchilar Modining tashqi siyosatiga qarab unga ovoz bermoqchi. Shtatning Mirut shahri aholisi uning qat’iyatidan ruhlanmoqda.

“Iqtisodiyot Hindistonda rivojlanyapti. Pokiston bilan yaqinda bo’lgan nizoda Modi qattiq turdi”, - deydi Siddart Vats bosh vazirning fevral oyida qo’shni Pokistonda jangarilar lagerini havodan nishonga olish buyrug’iga ihsora qilib.

Hindistonlik musulmon Mujohid Mansuriyning esa Modidan ko’ngli qolgan.

"Yangi ish o’rinlari yaratilmadi, hindular bilan nizolarga barham berilmayapti", - deydi u.

So’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, hukmron partiya 80 shtatdan 50 tasida g’olib bo’lishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG