Dushanba kuni Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Oq uyda AQSh Prezidenti Donald Tramp mehmoni bo’ladi. Tramp hindistonliklar mehrini qozongan ko’rinadi.

Bir necha kun oldin mamlakatning qashshoq bir qishlog’i nomini o‘zgartirib, Tramp Qishlog’i deya atala boshladi. Bir guruh hindu millatchilari esa Trampning tug’ilgan kunini – 14-iyunni katta tort bilan nishonladi.

Ba’zilar fikricha, Modi va Tramp tez til topishib keta oladigan rahbarlar. Bungacha ikkisi yuzma-yuz ko’rishmagan bo’lsa-da, ijtimoiy sahifalarda faollikka va ish o’rinlarini yaratishga kelganda ularni hamfikr deyish mumkin.

"Ular kelishishni qoyillatadigan professionallar. Biri xususiy sektordan chiqqan, ikkinchisi esa Hindiston hukumati va siyosiy partiyaning eng pastidan cho’qqisiga ko’tarilgan”, - deydi Vashingtondagi “Sharq-G’arb” tahlil markazidan Satu Limaye.

Savdo masalalari bahsga sabab bo’lishi mumkin, chunki AQShning Hindiston bilan savdosida katta kamomaddan norozi Tramp Hindiston bilan savdo aloqalarini qayta ko’rib chiqmoqchi. Bundan tashqari, Amerika rahbari H-1B ishchi vizasini tartibga solmoqchi, bu esa Hindistonning axborot texnologiyalari sohasiga keskin zarar qilishi mumkin.

AQSh kompaniyalari Trampdan savdo bobida Hindistonga kattaroq bosim qo’yishni so’ramoqda, chunki ular nazarida, oldingi hind rahbarlari savdo bitimlariga rioya qilmagan.

"Amerika ishlab chiqaruvchilari Hindiston bilan aloqalarni yaxshilashni istaydi. Ammo Dehli eski cheklovlarni bekor qilish u yoqda tursin, yangilarini joriy etmoqda", - deydi Milliy ishlab chiqaruvchilar uyushmasidan Linda Dempsi.

Hindiston AQShdan bir necha milliard dollarga teng harbiy dronlarni sotib olishga intilayotgan bo’lsa-da, Tramp-Nodi uchrashuvida yirik bitimlarning imzolanishi kutilmayapti.

Mutaxassislarning aytishicha, birinchi uchrashuv, asosan, tanishuvga hamda aloqalar yo’nalishini to’g’rilashga qaratilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG