Rossiyada minglab odam har kuni koronavirus bilan kasallanayotganiga qaramay, poytaxt Moskvada ikki oydan ko’p davom etgan karantin tugatilib, bugundan boshlab shaharning salkam 13 million sonli aholisi ko’chaga hech qanday cheklovlarsiz bemalol chiqa olishi mumkin.
"Erkinmiz, niqob taqib ko’chada istalgancha yurishimiz mumkin. Ehtiyot bo’lishimiz kerak”, - deydi Pavel ismli bir nafaqaxo’r.
Moskva meri Sergey Sobyaninning aytishicha, pandemiya shaharda qaytib ketmoqda. Boshqa shaharlarda karantin bir necha kundan so’ng olib tashlanishi aytilmoqda.
Kreml tanqidchilari nazarida, bu shoshma-shoshar qaror bo’lib, Sobyanin 24-iyunga belgilangan G’alaba paradi va 1-iyulga ko’chirilgan referendumni o’tkazish uchun shunday qilgan. Konstitutsiyaga tuzatish kiritishni ko’zlagan referendumda Prezident Vladimir Putinning hokimiyati 2036-yilgacha uzaytirilishi mumkin.
Sobyanin o'z qarorini so’nggi haftalarda koronavirusga chalinayotganlar soni shaharda kamaygani va odamlarda mas’uliyat hissi paydo bo’lgani bilan izohlamoqda.
Moskva metrosidagi aksariyat yo’lovchilarning niqobda yurganini ko’rish mumkin. Rossiyada koronavirusga uchraganlar 485 mingdan oshgan bo’lsa, so’nggi bir kunda salkam 8600 odam virus yuqtirgan, shulardan 1500 dan ziyodi moskvaliklar.
Facebook Forum