Breaking News

Iroqlik radiochilar "Islomiy davlat" tashviqotchilarini dog'da qoldirdi


Iroqning Musul shahrini “Islomiy davlat” jangari to’dasidan ozod etishga to’qqiz oy vaqt ketdi. AQSh yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya dushman manzillarini havodan tinmay nishonga oldi, Iroq armiyasi yirik amaliyot o’tkazdi.

Xalqaro hayot - 9-may, 2018-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:52 0:00

Britaniyaning Birlashgan xizmatlar instituti deb nomlanuvchi tahlil markazi chop etgan hisobotda aytilishicha, muvaffaqiyat zaminida jangarilarga qarshi olib borilgan samarali axborot urushi ham bor. Bu urush yordamida “Islomiy davlat”ning yengilmas obraziga putur yetkazildi.

Tashkilotning xulosa qilishicha, “Islomiy davlat” mafkurasi, tashviqotchilariga qarshi olib borilgan shiddatli axborot urushi samara berdi.

“Daish odamlar ruhiyatini o’ziga qaram qilib olgan edi”, - deydi hisobot muallifi Mayk Stivens.

Stivens Britaniya armiyasining sobiq ofitseri bo’lib, unga ko’ra, jangarilarga qarshi axborot urushini ikki iroqlik boshladi. Ular al-G’ad deb nomlangan radio stansiya ochib, u orqali koalitsiya qo’shinlariga Daish haqida muhim ma’lumotlarni uzatib turdi.

Al-G’ad radiosi “Islomiy davlat” nazoratida yashovchi odamlardan jangarilar haqida ma’lumot to’plab, efirda o’qib eshittirgan. Ba’zida dastur olib boruvchilari hatto Daish qo’mondonlari bilan radio to’lqinlarida tortishishgan.

“Bu yigitlar odamlarga fikr bildirishga, munozara qilishga imkon berishdi, xalqqa Daishning nafasni qisuvchi psixologik nazoratidan qalqon berishdi. Ushbu stansiya “Islomiy davlat”ning tele va radio efirlari bilan olisha boshladi va bu jangda qo’li baland keldi”, - deydi Stivens.

Jangarilarga qarshi bosh ko’targan isyonchi guruhlar “muqavama” so’zining birinchi harfini o’z harakatining ramziga aylantirdi. “Muqavama” arabchadan “qarshilik” degani. Musulning turli mahallalarida devorlarda, darvozalarda “M” harflari paydo bo’la boshladi. Jangarilar isyonchilar ketiga tushdi.

“Shahar ahli jangarilarga o’z qarshiligini, noroziligini bildirish uchun man qilingan radio stansiyani tinglash kabi fuqarolik itoatsizlik aksiyasidan devorlarga yashirin harakat ramzini tushirishga o’tib, Daishga qarshilar ko’p ekanini ko’rsatishga intildi. Bu o’ziga xos psixologik urush edi”, - deydi tahlilchi Mayk Stivens.

Natijada “Islomiy davlat”ning yengilmas obraziga putur yetdi.

“Daish bir necha yuz ming aholi yashaydigan shaharda jangari yollashga qiynala boshladi. Odamlar chetdan ruhiy madadni his qila boshladi, ruhan umidlandi”, - deydi ekspert.

Musul aholisining ishonchi va sadoqati uchun radio to’lqinlarida kechgan bu kurash tajribasi boshqa hududlardagi mojarolarda ham qo’l kelishi mumkin, deydi Stivens.

“Havo hujumlari, masofadan turib olib borilayotgan amaliyotlarni deb, oddiy xalq bilan aloqani yo’qotyapmiz”, - deydi u.

Britan tashkiloti tayyorlagan hisobotda xulosa qilinishicha, Musuldagi isyonchilar yutuqlarini boshqa mojarolarda qaytarish uchun masalaga jiddiy yondashish, mahalliy xalq bilan bevosita muloqotga ega bo’lish zarur.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG