Breaking News

Qirolichaning o'limi munosabati bilan Britaniyada 10 kunlik motam e'lon qilindi


France Britain Queen
France Britain Queen

8-sentabr kuni Britaniya qirolichasi Yelizaveta Ikkinchi 70 yillik hukmronlikdan so’ng 96 yoshda vafot etdi. U britan taxtida eng uzoq o’tirgan monarx bo’ldi.

Xalqaro hayot - 9-sentabr, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:58 0:00

“Butun hayotimni – qisqa bo’ladimi, uzun – xizmatingiz va buyuk imperatorlik oilasi xizmatiga bag’ishlayman”, - degan edi u.

1952-yilda qirol Georg Oltinchi vafot etishi ketidan uning qizi Yelizaveta bir yildan so’ng 27 yoshda taxtga o’tiradi.

70 yillik hukmronligi davrida mamlakat va jamiyat ulkan o’zgarishlarga yuz tutadi.

“Britaniya hamdo’stligining rahbari sifatida qirolicha o’tmish bilan bog’langan. Ba’zan o’tmishni qabul qilish qiyin bo’ladi, chunki imperiya, mustamlakachilik ekspluatatsiyasi haqidagi xayollar qiynaydi”, - deydi yozuvchi Richard Fitsuilyams.

Salkam bir asr davom etgan umri davomida Yelizaveta dushmandan ko’ra ko’p do’st orttirdi. Shunga qaramasdan marhum qirolicha tanqidlardan xoli bo’lmadi.

So’lchi siyosatchilar uni sarqitlik ramzi, britan soliq to’lovchilariga yuk deb ko’rdi.

1997-yilda 36 yoshda avtohalokatda halok bo’lgan malika Diananing o’limi ayrimlarga qirolichani sovuqlikda ayblash uchun asos bo’ldi.

“Sizga qirolichangiz va buvi sifatida aytmoqchi bo’lgan gaplarim yuragimdan chiqmoqda. Dianaga hurmatimni bildirmoqchiman. U ajoyib va iqtidorli inson edi”, - degan edi u.

Yelizavetaning nabirasi shahzoda Uilyam Keyt Midltonga uylanishi ketidan ko’hna saroyga oro va yoshlik kirganday bo’ldi. Yana bir nabirasi shahzoda Garri amerikalik aktrisa, qora tanli onadan tug’ilgan Megan Marklga uylanganidan so’ng esa qirolichaning qoni aralashmagan oq tanli oilasi zamon bilan hamfanas bo’lib xilma-xillashganday ko’rindi. Biroq bu uzoqqa cho’zilmadi. Saroydagilarni irqchilikda ayblagan Garri va Megan undan uzoqlashishga qaror qildi.

Yelizavetaning ikkinchi o’g’li shahzoda Endryuning jinsiy tajovuzkorga aloqadorligi bilan bog’liq tergov ham oila tinchini buzdi.

O’tgan yili qirolichaning 99 yoshli turmush o’rtog’i shahzoda Filipning hayotdan ko’z yumgani Yelizavetaga yana bir zarba bo’ldi. Fevral oyida u ko’plab vatandoshlari kabi COVIDni boshdan kechirdi.

O’limidan bir kun oldin Yelizaveta Shotlandiyadagi qasrda 70 yillik hukmronligi davomida mamlakatning o’n beshinchi bosh vazirini tayinladi.

Ertasiga uning sog’lig’i keskin yomonlashib, barcha oila a’zolari qirolichaning yoniga chaqirtirildi. Yelizaveta ular bilan vidolashishga ulgurdimi, yo’q, ma’lum emas. Shu kuniyoq uning vorisi deb 73 yashar to’ng’ich o’g’li Charlz e’lon qilindi. Unga toj kiydirish marosimining qachon bo’lishi hozircha ma’lum emas. Onasining o’limi munosabati bilan mamlakatda 10 kunlik motam e’lon qilindi.

Yangi qirol o’ziga Karl III nomini olishga qaror qildi. Ba’zi tillarda Charlz Uchinchi deb ham eshitishingiz mumkin.

Marhum qirolichaning oilasiga dunyoning turli chekkalaridan, ko’plab rahbarlardan ta’ziya bitilgan maktublar kelmoqda.

Yelizaveta Ikkinchi AQSh Prezidenti Jo Bayden marhum qirolichani AQSh-Britaniya munosabatlarini kuchaytirishga salmoqli hissa qo’shgan arbob deb atadi.

Yelizaveta davlat tashrifi bilan AQShda to’rt marotaba bo’lgan. Yana ikki marta norasmiy tashrif bilan borgan. 70 yillik hukmronligi davrida Amerikada 13 ta prezident almashdi.

Yelizaveta bilan 3 marotaba ko’rishgan Bayden hurmat ramzi sifatida Amerikada davlat bayroqlarini tushirishni buyurdi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida ham tashkilot bayrog’i tushirilgan.

Bir paytlar dunyoning katta qismini boshqargan britan imperiyasi Yelizavetaning hayoti davomida ancha kichraydi, Afrikada 17 ta mamlakat Britaniya mustamlakasidan ozod bo’ldi.

Uning o’g’li Charlz Britaniya hamjamiyatiga kiruvchi 50 dan oshiq mamlakat suverenitetini hurmat qilishda davom etishga so’z berdi. Yangi qirol poytaxt Londonda bugun aholini olqishladi.

Britaniyaga g’anim bo’lgan Rossiya, Xitoy va ko’plab boshqa mamlakatlar rahbarlari ham ta’ziya bildirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG