Breaking News

Birgina kartina tarixni unutishga majbur qila olmaydi


Skot Kuperning “G'animlar” kartinasi XIX asr so’ngidagi irqchilik, xususan, oq tanlilar va Amerika tub aholisi - hindular munosabatiga e'tibor qaratadi. Syujetda ikki keskin dushman vahshiyona kurashlardan o’tib murosaga keladi. Film ijobiy yakunlansa-da, tarixni, hindular boshidan kechirganlarini unutishga majbur qilolmaydi, deydi kartinada bosh rollardan birini ijro etgan aktyor Ves Stadi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.


Oqlar va Amerika hindularining shafqatsiz kurashlari davom etarkan, AQSh Armiyasi qo’mondoni Bloker rahbariyatdan maxsus topshiriq oladi. Unga Chiyen hindu qabilasi boshlig’i Yellou Xokni Nyu-Meksika shtatidan ota-bobolari yurti Montanaga olib borib qo'yish buyuriladi. Chunki Vashingtonning Amerika tub aholisiga nisbatan siyosati matbuotda qattiq tanqidga uchragan edi. Qo’mondon Bloker buyruqni bajarishga, dushmanini himoya qilishga majbur.

"Undan nafratlanaman. Bunga bir dunyo sababim bor", - deydi Bloker filmda.

Hindularga qarshi shafqatsizligi bilan tanilgan AQSh Armiyasi qo’mondoni rolini Kristian Beyl o'ynagan. Uning hujumlari qanchalik vahshiyona va g’azabga to’la bo’lmasin, obrazda bardosh, matonat va qat’iyat o'z ifodasini topgan.

Beylning aytishicha, kovboylar ijobiy, hindular esa salbiy obrazda tasvirlanadigan an’anaviy qarashlardan farqli o’laroq, Kuperning “G'animlar” kartinasidainsoniyat jon saqlash uchun bir-birini g’ajishga, misli ko'rilmagan vahshiyliklar qilishga tayyorligi ochib beriladi.

“Dahshatga to’la qonli sahnalar. Men o’ynagan obraz o'sha davr tutquni bo'lsa, ayni paytda Amerika zamini tarovatidan zavqlanib yashaydi. Eng achinarlisi, shu tuproq uchun juda ko'p yaqinlari o'zini qurbon qilishi kerak”, - deydi akyor Kristian Beyl.

"G'animlar" filmida irqchilik, hindular va kovboylar o'rtasidagi ziddiyat va kurash aks etgan. Xususan, Komanchilar hindu qabilasi qirg’inida oilasi, go’daklarini yo’qotgan oq tanli yosh ayol taqdiri, vahshiylikka qo’l urgan askarning o’zini kechirolmay g’am-anduhga cho’kishi yoki aksincha, boshqa bir askarning shafqatsizlarcha qilingan qotilliklardan pinagini buzmasligi tasvirlanadi. Shunga qaramasdan, syujetda murosaga, ikki shavqatsiz dushman - AQSh Armiyasi qo’mondoni Bloker va Chiyen hindu qabilasi boshligi Yellou Xokning til topishishiga ur’gu beriladi. Qabilaboshi rolini mashhur hindu aktyori Ves Stadi maromida ijro etgan.

“Ikki dushman sulh tuzadi, lekin bu dushmanchilikka butunlay chek qo’yildi, degani emas. Bu shunchaki umumiy dushman borligini tushunish, xolos. Dushman esa faqat Komanchilar emas, balki ob-havo, yer, o’g’rilar va mo'yna savdogarlari ham”, - deydi aktyor Ves Stadi.

Stadi fikricha, oq tanlilar va hindular hech qachon birlasha olmagan. Hindular hamon neft, mineral boyliklar tufayli o’z yerlaridan judo bo’lishmoqda, deydi u.

“Amerika tub aholisi hamisha tahdid ostida bo’lgan. Hozir esa Amerika xalqining katta qismi bir vaqtlar bizning boshimizga tushgan genotsid va mustamlakachilikni his qilayotganday”, - deydi Ves Stadi.

Filmning murosaga e'tibor qaratishi, dushmanlar o’rtasidagi gina-kuduratning ko’tarilishi, hamdardlik va insoniylikning ulug'lanishi tomoshabinga taskin beradi. Lekin Amerika hindulari o’z boshidan kechirganlarini unutadi deya umid bog’lamaslik kerak, deydi “G'animlar” kartinasi bosh qahramonlaridan birini o’ynagan aktyor Ves Stadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG