Breaking News

Mugabe o'z xohishi bilan prezidentlikdan ketmasa, impichmentga uchraydi


Xalq Xarareda Mugabe iste'fosini talab qilmoqda
Xalq Xarareda Mugabe iste'fosini talab qilmoqda

Zimbabveda Zimbabve Afrika milliy ittifoqi - Vatanparvar fronti, ya'ni "ZANU-PF" hukmron partiyasi Prezident Robert Mugabeni partiya rahbarligidan olib, uning o'rniga birinchi Vitse-prezident Emmerson Mnangagvani tayinladi. Mugabe o'rinbosarini o'tgan hafta ishdan olganidan so'ng armiya davlat rahbariga qarshi bosh ko'tardi.

Partiya rahbariyati Mugabening rafiqasi Greysni "ZANU-PF"ning Ayollar ligasi raisaligidan chetlatdi.

Agar Mugabe o'z xohishiga ko'ra prezidentlikdan ketmasa, parlamentda unga qarshi impichment jarayoni boshlanishi mumkin. Muxolifat bu borada hukmron partiya bilan maslahatlashmoqda.

"Agar Mugabe seshanba kungacha ketmasa, impichment jarayonini boshlaymiz", - dedi muxolifatning parlamentdagi rahbari Innosent Goneze.

Shanba kuni minglab fuqaro Mugabe iste'fosi talabi bilan poytaxt Xarare ko'chalariga chiqdi. Boshqa shaharlarda ham o'xshash namoyishlar bo'lib o'tdi.

93 yoshli Mugabe hozir uy qamog'ida. Uning jiyani Patrik Juvaoning Janubiy Afrikadan turib aytishicha, Mugabe iste'fo bermoqchi emas, kerak bo'lsa, o'limga ham tayyor.

Muxolifat Mugabeni chetlatishga qaratilgan muzokaralarning sekin kechayotganidan norozi. Sobiq bosh vazir, hozir esa Demokratik o'zgarishlar harakati partiyasini boshqarayotgan Morgan Tsvangiray ham davlat rahbarini ishdan ketishga chaqirmoqda.

“U iste'fo berishi kerak, zudlik bilan, xalq xohishini inobatga olishi zarur. Zimbabve taraqqiyotiga qo'shgan hissalari hurmati shunday qilishi kerak", - deydi Janubiy Afrikada rakdan davolanib, o'tgan hafta yurtiga qaytgan siyosatchi.

Mamlakat 1980-yilda Britaniya boshqaruvidan ozod bo'lgan kundan beri Robert Mugabedan boshqa rahbarni bilmagan. Hukmron partiya va armiya uni yaqingacha qo'llab-quvvatlab kelgan, hatto "ZANU-PF" partiyasi o'tgan yili uni 2018-yilgi prezident saylovlariga nomzod sifatida qayta ko'rsatgan edi.

Biroq Mugabe ozodlik uchun urush qahramoni Mnangagvani ishdan olib, xatoga yo'l qo'ydi, birinchi vitse-prezidentning harbiylar orasidagi hurmatini hisobga olmadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG