Breaking News

AQShda Vakillar palatasiga ilk bor musulmon ayollar saylandi


Bu yilgi saylovlar nafaqat demokratlarning g’alabasi bilan, balki Vakillar palatasiga ilk bor musulmon ayollarning saylangani bilan ham esda qoladi. Har ikkisi Demokratik partiyadan saylandi. Biri falastinlik oiladan chiqqan 42 yashar Rashida Tolib bo’lsa, ikkinchisi AQShga Somalidan 14 yoshida kelib qolgan Ilhan Umar.

Michigan shtatida bellashgan Rashida Tolib salkam 89 foiz ovoz to’plagan.

“Rashida nafaqat musulmonlar, balki hamma uchun jon kuydirishini ko’rsatdi”, - deydi unga ovoz bergan odamlardan biri.

Somalidan qochqin sifatida kelgan 36 yashar Ilhan Umar Minnesota shtatida respublikachi raqibini 78 foiz ovoz bilan dog’da qoldirdi.

“Muhojir oilalar, qo’shnilarimiz, farzandlarimiz, sayyoramizni himoya qilishda faol bo’lishga so’z beraman”, - deydi u.

Rashida Tolib oilada 14 farzandning eng kattasi. Ilhan Umar esa yetti bolalik oilada voyaga yetgan.

“Vakillar palatasida ham, Senatda ham musulmon qonunchilar ko’proq bo’lsin deyman”, - deydi michiganlik saylovchi Allison Bruks.

“Millatim va dinim hamisha qonimda bo’ladi. Payg’ambarimiz kabi adolatli bo’lishga harakat qilaman”, - deydi Tolib.

AQSh Kongressidagi ilk falastinlik qonunchi sifatida u Prezident Tramp va uning ma’muriyati siyosatini tanqid qilishda davom etishini aytadi.

Yangi Kongressga saylangan nomzodlar yanvar oyida qasamyod keltirib, qonunchilik vazifasiga rasman kirishadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG