Din

Musulmonlar Trampga: Nega bizni himoya qilmayapsiz?

  • Amerika Ovozi

Prezident Tramp va Vitse-prezident Pens

AQSh rahbari Donald Tramp yahudiylarga qarshi xurujlarni qoralar ekan, musulmonlar undan "nega bizni himoya qilmayapsiz", deya so'ramoqda.

Bu hafta qilgan nutqida Tramp yaqinda Sent-Luis shahrida qilingan hujumlarga ishora qilib, anti-semitizmga toqat yo'q, deb aytdi. Yahudiylarni nishonga olish inson huquqlarini buzishdir, dedi u. U yurtdoshlarini bag'rikeng bo'lishga undadi.

Biroq musulmonlar nishonga olinganida prezident jim. Nega?

Vitse-prezident Mayk Pens ham Amerika yahudiylarni qadrlaydigan mamlakat, deydi. U ham biror marta musulmonlarni himoya qilib chiqmagan.

Missuri shtatida yahudiylarning qabristoniga hujum qilingan
Missuri shtatida yahudiylarning qabristoniga hujum qilingan

Ko'plab amerikaliklar Oq uy musulmonlar manfaatini ko'zlab ham bayonotlar beradi degan umidda. Lekin musulmon fuqarolar orasida bunga ishonch past. Ular nazarida bugungi rahbariyat ular va ularning diniga qarshi.

Barak Obama prezidentligi davrida Davlat departamentida maslahatchi bo'lib ishlagan Shohid Omonulla deydiki, Tramp va uning atrofidagi odamlar musulmonlarga qanday munosabatda ekanini amalda ko'rsatib turibdi.

Trampning so'zlariga va siyosatiga e'tibor bering, deydi Omonulla. Terrorizm emas, islomiy terrorizm, deydi. Radikalizm emas, islomiy radikalizm, deydi. Buning ustiga bir necha musulmon davlatlardan hech kimni kiritmaslik haqida farmon berdi.

Oq uy uchun kurashayotgan paytida Tramp "islom bizga nafrat bilan qaraydi", deya fikr bildirgan. Keyinchalik u bu qarashlaridan qaytganini aytdi lekin Amerikaga musulmonlarni umuman qadam bostirmaslik kerak, degan gaplari hamon uning veb saytida turibdi.

Amerika-Islom Aloqalari Kengashidan Ibrohim Xuper:'

"Bugun Oq uyda ishlayotgan odamlar islom va musulmonlarni ochiqchasiga la'natlar aytib kelayotgan shaxslardir".

Ibrohim Xuper, Amerika-Islom Aloqalari Kengashi vakili
Ibrohim Xuper, Amerika-Islom Aloqalari Kengashi vakili

Trampning o'ng qo'li bo'lmish Stiv Bennon G'arb siyosiy islom bilan urushda degan fikrlari bilan tanilgan. Bennon irqchi sifatida ham tanqid qilinadi. O'tmishda u musulmonlar bir kun Amerikani egallab, Kongressga yashil bayroq osadi, deya ta'birlar qilgan.

2010-yilda Bennon islom tinchlikni targ'ib qiluvchi din emas, deb chiqqan. AQSh musulmonlar uchun mos jamiyat emas, degan bayonotlar ham bergan.

Prezidentning boshqa maslahatchilari, jumladan Stiven Miller va Sebastian Gorka ham azaldan terrorizm va islom bir-biriga uzviy bog'liq, deb kelgan arboblardir.

"Amerika Ovozi" bilan gaplashar ekan, Oq uydan Maykl Short deydiki, islomiy terrorizm deyish musulmonlarga qarshilikni anglatmaydi.

Stiv Bennon, Prezident Trampning o'ng qo'li
Stiv Bennon, Prezident Trampning o'ng qo'li

VIDEO: Musulmon amerikaliklar Prezident Trampdan ular manfaatini ham ko'zlashni so'ramoqda

Trampdan oldingi ikki prezident, Jorj Bush va Barak Obama, Amerika islom bilan urushda emas, musulmonlar va terrorizm bir-biriga bog'liq emas, degan pozitsiyasida turgan.

Siyosatshunos Tamara Sonn tahlilicha, Trampdan bunday siyosiy munosabat kuta olmaymiz, chunki uning fikri-qarashlari boshqacha.

“Terroristlar albatta bundan foydalanadi. Musulmonlar orasida o'ziga safdosh izlar ekan, ular Amerika sizga qarshi, deya ishontirishi osonroq bo'ladi", - deydi Sonn.

Respublikachi senator Ted Kruz, prezidentlikka sobiq nomzod, nazarida islomiy terrorizm deyish asosli, chunki terrorchilarning aksariyati o'zini musulmon deb tanishtiradi va ular terrorchilikni islom va jihodga bog'laydi. Dushman o'zini shunday atasa, boshqalar ham shunday atashi kerak, deydi senator.

Senator Ted Cruz
Senator Ted Cruz

Hozirda Amerikada islomga nisbatan nafratni targ'ib qiluvchi guruhlar ko'paytgan. Huquq himoyachilari hisobicha, ular 2015-yilda 34 ta edi, hozirga kelib 101 ta. Ular asosan internetda propaganda olib boradi.

Ommaviy so'rovlarda esa ko'pchilik amerikaliklar islom va musulmonlarga ijobiy qarashini bildirgan. So'ralganlarning 70 foizi. 2015-yilda bundaylar 53 foiz edi.

Amerikani erkin va adolatli diyor qilganlar uning fuqarolari va bosh qomusi, deydi Shohid Omonulla. Shunday ekan, siyosatchilarning og'zidan chiqqan har bir so'zga haqiqat deb qaramang.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG