Myanma hukumati xalqaro bosimga yon berib, Bangladeshda yashayotgan 700 ming roxinjalik qochqinga o’z mamlakatiga repatriatsiya qilishga ruxsat bermoqda, biroq inson huquqlari faollari va’dalarga ishonmaslikka chaqirmoqda.
O’tgan hafta Myanma tashqi ishlar vaziri 10 kishilik delegatsiya bilan dunyodagi eng yirik qochqinlar lageri bo’lmish Kutupalongga borib, qochqinlar vakillari bilan muzokara qilgan.
Roxinjaliklar repatriatsiyaga ko’nishdan oldin Myanma hukumatidan fuqarolik olish va xavfsizlik kafolatlarini talab qildi, biroq delegatsiya fuqarolikning avtomatik ravishda berilishiga qarshi chiqib, bosqichma-bosqich jarayonni taklif etdi. Roxinjaliklar avval millatini tasdiqlovchi karta olishi lozim. Biroq bu xalq vakillari karta ularni ta’qib qilishda ishlatilishi mumkinligidan xavotirda.
“Biz bunday kartani qabul qilmaymiz. Bizga milliy guvohnomalik kartasini berishsin. Fuqarolik berishsagina qaytaman. Millatni tasdiqlovchi karta bilan bizni yana nishonga olishadi. Myanmada boshqa jamoalarga o’xshab erkin yurishni istaymiz. Yerimiz, uylarimizni qaytarishsin. Davlat ishlariga kirishimizga imkon berishsin. Armiya, politsiya, boshqa idoralarga. Shunda qaytamiz”, - deydi Tashmida ismli musulmon qochqinlardan biri.
Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Human Rights Watch” tashkiloti vakili Fil Robertsonning aytishicha, Myanma hukumati fuqarolik masalasida hammani laqillatmoqchi.
Qochqinlar oktabr oyida repatriatsiya taklifini rad etgan edi.
Roxinjalik musulmonlar 2017-yil avgustida g’arbdagi Rakxayn shtatida harbiylar hujumiga uchrab, qo’shni Bangladeshga qochishga majbur bo’ldi.
BMT kuzatuvlariga ko’ra, ularni o’ldirishgan, zo’rlashgan, uylarini yoqishgan.
Myanma hukumati, asosan, buddistlar yashovchi mamlakatda roxinjaliklarni bangladeshlik noqonuniy kelgindilar deb, 1982-yilda ularni fuqarolikdan ayirgan.
Facebook Forum