Breaking News

Armaniston va Ozarbayjon tinchlik muloqoti taklifini rad etdi


Armanistonlik artilleriyachi Ozarbayjon pozitsiyasini nishonga olmoqda
Armanistonlik artilleriyachi Ozarbayjon pozitsiyasini nishonga olmoqda

Armaniston va Ozarbayjon Rossiyaning qurolli to’qnashuvlarni tugatishga qaratilgan vositachilik taklifini rad etarkan, ikki qo’shni, ammo bir-biriga dushman mamlakat to’rt kundan beri o’zaro jang qilmoqda.

Xalqaro hayot – 30-sentabr, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:59 0:00

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi tarqatgan bir videoda artilleriya hujumlari, boshqasida esa Jabroyil tumanida joylashgan harbiy texnikaning yo’q qilinishi tasvirlangan.

Ikki respublika 1980-yillardan beri Tog’li Qorabog’ o’lkasini talashib kelarkan, to’qnashuvlar boshqa hududlarda ham kuzatilmoqda.

Sovet paytida Ozarbayjon tarkibida bo’lgan Qorabog’ mustaqillik e’lon qilib, 1992-yilda birinchi urushga turtki bergan. Xalqaro hamjamiyat aralashuvi tufayli tomonlar ikki yil o’tib sulhga kelishgan, biroq Ozarbayjon qo’shni mamlakatni hududlarini tortib olganlikda ayblab, so’nggi yillarda ularni xalqaro muzokaralar orqali qaytarish harakatlari natija bermadi.

Tomonlar so’nggi to’qnashuvlarni boshlaganlikda bir-birini ayblamoqda. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning aytishicha, Armaniston ko’pdan beri provokatsiyaga qo’l urgan, hujumga tayyorlanib kelgan. Rasmiy Yerevan esa Ozarbayjon va Turkiyani bosqinchilikda ayblamoqda.

Yerevanning da’vo qilishicha, Turkiyaga qarashli harbiy samolyot Armanistonning “Su-25” samolyotini urib tushirgan. Turkiya ushbu da’volarni inkor etmoqda. Aliyev ham Turkiyaning mojarodagi ishtirokini inkor etarkan, Armanistonni soxta xabar tarqatayotganlikda aybladi. Unga ko’ra, Yerevan bu bilan boshqa davlatlar, xususan, Rossiyani mojaroga jalb qilmoqchi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Ozarbayjonga yordam berishga tayyor ekanini aytarkan, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Anqarani Ozarbayjonni urushga rag’batlantirayotganlikda aybladi.

“Turkiyaning siyosiy bayonotlari mulohazasiz va xavflidir. Anqara jangovar bayonotlari bilan Ozarbayjonni Tog’li-Qorabog’ni qaytarishga gijgijlashini Fransiya qabul qilmaydi”, - dedi Latviyaga tashrif buyurgan Makron.

Fransiya rahbari Turkiyaning mojaroda qatnashayotganidan bexabar ekanini aytarkan, tomonlarni qurolli to’qnashuvlarni bas qilishga chaqirdi. Makron bugun shu mavzuda Rossiya va AQSh prezidentlari bilan muloqot qilishini aytdi.

Bu o’rtada Ozarbayjon, Tog’li-Qorabog va Armanistonda harbiy safarbarlik e’lon qilingan. Armanistonda 18 yoshdan katta bo’lgan erkaklarning mamlakatni tark etishi taqiqlangan. Bokuda yoshlar armiyaga qo’shilish uchun navbatda turibdi.

Shu onga qadar to’qnashuvlarda har ikki tomondan 100 ga yaqin odam halok bo’lgan. Ozarbayjon harbiy talafotlar haqida ma’lumot bergani yo’q, ammo 10 nafar tinch fuqarosi o’lganini ma’lum qildi. Arman tarafi 81 odam yo’qotganini qayd etarkan, 17 nafarining oddiy fuqaro ekanini bildirdi. Biroq Ozarbayjon Mudofaa vazirligi to’qnashuv boshlanganidan beri 2300 qorabog’lik bo’lginchi yo’q qilinganini da’vo qilmoqda.

Bu o’rtada har ikki mamlakat bilan do’stona aloqalarga ega Eron tomonlarni sulhga chaqiryapti. Tehron Ozarbayjon hududiy daxlsizligini qo’llab-quvvatlashini bildirarkan, Armanistonga qurol yuborgani haqidagi da’volarni asossiz deya inkor etdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG