Breaking News

Tog'li Qorabog'dan bir haftada 47 mingdan ziyod arman chiqdi


AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Mettyu Millerning aytishicha, seshanba kuni Davlat kotibi Entoni Blinken Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefonda Tog’li Qorabog’dagi vaziyat xususida gaplashgan.

Xalqaro hayot - 27-sentabr, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:41 0:00

“Davlat kotibi harbiy harakatlarni bas qilish, tinch aholini himoya qilish va harakatlanishiga g’ov qo’ymaslik, Tog’li Qorabog’ga gumanitar yordamni yetkazishda to’siq qo’ymaslik zaruratiga urg’u berdi. Prezident Aliyev harbiy harakatlar to’xtatilishiga so’z berdi, kuzatuvchilar missiyasiga rozi bo’ldi”, - dedi Miller.

Qorabog’ armanlari qurollarini topshirganidan so’ng Aliyev ular Ozarbayjon jamiyatiga integratsiyalashishini aytdi, ammo ba’zilari hududni tark etishni lozim topdi.

Qo’shma Shtatlar qochqinlarga gumanitar yordam va’da qildi.

"Oziq-ovqat, ruhiy va ijtimoiy yordam ko’rsatiladi”, - dedi AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi ma’muri Samanta Pauer.

AQSh sobiq rasmiysi, endilikda tahlilchi Keri Kavanoning aytishicha, Armaniston hukumati qochqinlarga yordam berish maqsadida resurslarini safarbar etishi zarur.

BMTning Qochqinlar bo’yicha agentligi bu ishda Yerevanga ko’maklashishini bildirdi, ularni xalqaro gumanitar va qochqinlar qonunlari asosida himoyalashga chaqirdi.

Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, so’nggi bir haftada hududni 47 mingdan ziyod arman tark etdi.

Bugun Ozarbayjon Chegara xizmati Tog’li Qorabog’ning arman ma’muriyatini o’tgan yili boshqargan milliarder Ruben Vardanyan Armanistonga o’tish harakatida hibsga olinganini ma’lum qildi.

Boku urush jinoyatlariga qo’l urgan odamlar javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirgan.

So’nggi to’qnashuvlarda qorabog’lik armanlar kamida 200 odam o’lganini, Boku esa 192 nafar askari halok bo’lganini ma’lum qildi.

Hafta boshida Ozarbayjonning Naxichevan eksklavida bo’lib qaytgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’anga ko’ra, Turkiya va Ozarbayjon Naxichevanga Armaniston orqali avtomobil va temir yo’llardan iborat transport koridorini tashkil etish ustida o’ylanmoqda.

Biroq, dedi Erdog’an, agar Yerevan bunga ko’nmasa, koridor Eron hududi orqali o’tishi mumkin.

Naxichevanni Ozarbayjonning asosiy hududidan Armaniston ajratib turadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG