Sayohatchi Mayka Mayer Amerikadagi 400 dan ziyod milliy bog'ni kezib, ko'rganlarini internetda xatlab borayapti. 2016-yilda yo'lga chiqqan yigit shu kungacha son-sanoqsiz monumentlar, tarixiy jang maydonlari, prezidentlar yashagan uylar va obidalarni borib ko'rdi.

“Otam 58 yoshida, nafaqaga chiqmasdan vafot etdi. 19 yoshda edim. Hayot qanchalar qisqa ekani, orzularimiz ushalishi uchun vaqt doim ham yetmasligini tushundim. Shuning uchun 30 yoshimda yo'lga chiqqan edim”, - deydi Mayka Mayer.

Mayka Mayer bu sayohatini Amerika Milliy bog’lari xizmatining 100 yilligi hamda otasiga bag'ishlagan. U sayohatini o’z mahallasidan, Vashington monumentidan boshladi.

“Vashingtonda to’rt yil yashab, uyimning atrofida 40 tacha milliy bog’ borligini bilmagan ekanman”, - deydi Mayka.

Sayohatchi bugungacha 38 shtatni mashinada aylanib, 34 ming kilometr masofani bosib o’tdi.

U Karib orollarida suzdi, Texas cho’llaridagi eng baland qir-adirlarni kezdi, sirli g’orlarni kashf qildi. Bir yarim asr oldin askarlar qoni to’kilgan jang maydonlarida bo’ldi. Bu joylarning hammasiga u o’z mashinasida boryapti.

"Hozircha uyim shu mashina...", - deydi Mayka.

Nyu-Meksiko shtatiga yetib borganida sarguzashtining uchdan-bir qismi yakunlandi. U Amerikaning har bir shtatida, har bir qo'riqxonasida bo'ladi.

“Oq qum parkini sayohatimning 139-nuqtasi etib tanlaganimdan xursandman. Milliy bog’lar tizmasi yuzlab tarixiy go'shalarni ham qamrab olishini xayolimga ham keltirmagan ekanman”, - deydi Mayka.

Doimiy yo’lda yurishning o’ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Mayka safar xarajatlarini qoplash uchun cherkovlarda to'xtab, kuylaydi. Pul to'playdi.

“Yurish-turishim, qayerda yotishim, nima ovqat yeyishim, mablag’ - hammasini hisobga olish kerak. Cherkovlarda ma’ruzalar qilaman, konsertlarda qatnashaman, kuylayman. Safarim haqida so'zlab beraman", - deydi u.

Cherkovlar uning eng katta homiylaridan. Sayohat kompaniyalari, mehmonxonalar ham uni tekin yotoq bilan ta'minlaydi. Mayka hozir Vashington shtatida.

"Yo'lga chiqqanimga mana bir yil bo'ldi. Kelasi ikki yilda 417 bog'ni tomosha qilishni niyat qilganman. Umid qilamanki, bu sehrli diyorni kezish bir kun sizga ham nasib etadi”, - deydi Mayka.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG