Breaking News

Gavayining tub aholisi nima uchun norozi?


Gavayining tub aholisi vakillari Laulani Til (chapda) va Liko Martin ('o'ngda) qo'shiq kuylamoqda. O'rtada Palani Vogan so'nggi qirolichaning mustamlakachilikka qarshi e'tirozi matnini ko'tarib olgan. Gavayi poytaxti Gonolulu, 23-iyun, 2014-yil.

Gavayi - AQSh tarkibiga eng oxirida qo’shilgan shtat. Orollardan tashkil topgan hudud Shimoliy Amerika materigidan mutlaqo ajralgan. U 1959-yilning 21-avgustida 50-shtat maqomini olgan. Okeaniyadagi yagona shtatda ayni damda 1,5 million kishi yashaydi. Tub aholi aholining 20 foizidir.

AQShning Fuqarolik huquqlari bo’yicha komissiyasiga ko'ra, Kongress Gavayining asl aholisiga mamlakatdagi boshqa yuzlab qabilalar singari o'z hukumatiga ega bo'lish imkoniyati va imtiyozlar berishi kerak. Biroq ayrim gavayiliklar o'z yeri ustidan mutlaq nazoratni talab qilmoqda.

Qirol Kamexamexa III 1825-1854-yillarda Gavayining tub aholisini konstitutsion monarxiya tuzumi ostida birlashtirgan
Qirol Kamexamexa III 1825-1854-yillarda Gavayining tub aholisini konstitutsion monarxiya tuzumi ostida birlashtirgan

Inson qadami Gavayiga ming yillar avval yetgan. U yerda mustaqil boshqaruvga ega davlatchilikka asos solingan. Asrlar mobaynida hayot gullagan.

1887-yilda Yevropa oligarxlari mahalliy qirol Kalakavani boshqaruv huquqidan mahrum etuvchi konstitutsiyani imzolashga majbur qilgan. Hujjat tub aholining yerga egalik huquqini bekor qilgan. Xorijdan kelgan yangi yer egalariga esa saylash huquqini bergan.

1893-yilda qabilani boshqargan qirolicha Liliuokalani monarxiyani tiklashga harakat qilgan. Biroq u AQShning Gavayidagi vakili Jon Stivens va dengiz floti kuchlari tomonidan hibsga olingan. Oradan besh yil o’tib, Gavayi AQSh hududiga qo’shib olingan. 1959-yilda unga 50-shtat maqomi berilgan.

Gavayining so'nggi qirolichasi Liliuokalani
Gavayining so'nggi qirolichasi Liliuokalani

“Gavayi shtatga aylangach, orollarga ommaviy ko’chish yuz berdi; uy-joy va mehmonxonalar qurilishi avj oldi. Natijada yer tanqisligi ortdi”, - deydi Gavayining Kanaka-maoli qabilasiga mansub olim Noelani Kaopua.

AQSh Kongressi 573 hindu qabilalarini tan olgan. Biroq ular orasida Gavayining tub aholisi yo’q.

Vaikiki plyaji, Gavayi. 1961-yil.
Vaikiki plyaji, Gavayi. 1961-yil.

Yevropaliklar orollarga kelishidan avval tub aholi 1 million atrofida edi. Hozirgi kunda ular 300 ming kishiga yaqin. Ular jamiyatda o’zlarini kamsitilgan deb biladi. Kambag’allik va uysizlik muammolari hamda sog’liqni saqlash va ijtimoiy masalalarda tengsizlikdan nolishadi.

Uysizlikka qarshi e'tiroz. Gonolulu, 28-mart, 2006.
Uysizlikka qarshi e'tiroz. Gonolulu, 28-mart, 2006.

Kanaka-maoli qabilasi mustamlakachilar o’rnatgan tuzumni tan olmaydi. Ekspert Kaopuaga ko’ra, mahalliy aholi orollar AQShga qo’shib olinishidan avval ham daxlsizlik uchun kurashgan, isyon ko’targan. Monarxiya tugatilganiga yuz yil to’lganda, minglab gavayiliklar qirollik saroyi qarshisida norozilik namoyishiga chiqqan. Ana shu voqeadan keyin mustaqillik istagi qayta jonlandi va kuchayib bormoqda.

Gavayi monarxiyasi tugatilganiga yuz yil to'lishi munosabati bilan tub aholi namoyishga chiqdi. Gonolulu, 12-avgust, 1998.
Gavayi monarxiyasi tugatilganiga yuz yil to'lishi munosabati bilan tub aholi namoyishga chiqdi. Gonolulu, 12-avgust, 1998.

“Biroq tub aholi o’rtasida ikki parallel oqim yuzaga kelgan. Ularning biri federal darajada tan olinish uchun kurashmoqda. Ikkinchi oqim esa AQShdan to’liq mustaqil bo’lgan suveren davlat qurishni istaydi”, - deydi Kaopua.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG