Breaking News

Lissabonda NATO sammiti qator va'dalar bilan yakunlandi


Lissabonda NATO sammiti qator va'dalar bilan yakunlandi
Lissabonda NATO sammiti qator va'dalar bilan yakunlandi

Rossiya alyans bilan mudofaa tizimi bo'yicha hamkorlikka ko'ngan. NATO ga a'zo davlatlar afg'on kuchlarini harbiy tayyorgarlikdan o'tkazadi.

Portugaliya poytaxti Lissabonda o'tgan NATO sammitida alyans a'zolari Qo'shma Shtatlarni Rossiya bilan imzolangan strategik bitimni tezroq tasdiqlashga chaqirdi.

Yevropa davlatlari AQSh va Rossiya o'rtasida imzolangan, biroq haligacha kuchga kirmagan Strategik qurollarni qisqartirish bitimini yangilash zamon talabi, deydi. Prezident Barak Obamaning aytishicha, AQSh Senati ishning beliga tepmoqda.

"Vashingtonda siyosiy qutblashish kuchli, biroq umid qilamanki, partiyalar bir yoqadan bosh chiqarib, hujjatni tasdiqlaydi", - deydi Obama.

Respublikachi senatorlar nazarida bitimni o'rganishga uzoqroq vaqt kerak. Ammo Rossiya va Yevropa davlatlari ishni paysalga solmay, hujjat tasdig'ini tezlashtirishga chaqirmoqda. NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen bu global xavfsizlik uchun o'ta muhim, deydi.

Uning aytishicha, sammitda Rossiya va NATO Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi bo'yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi. Munosabatlar Gruziya urushi tufayli 2008-yildan beri sovuqlashgan edi.

"Bunday hamkorlik har ikki tomon uchun foydali. Ma'lumot almashish orqali Yevropa osmonini tinch ushlab turamiz. Biror tahdid haqida ogohlantirish bo'lsa, unga qarshi birga chora ko'ramiz", - deydi NATO rahbari.

Rossiya NATO a'zosi bo'lmasa-da, prezident Dmitriy Medvedev anjumanga chaqirildi.

Uning aytishicha, mudofaa tizimi bo'yicha barcha ma'lumotlar o'rganib chiqilgach, to'liq hamkorlik boshlanadi.

Sammitda Afg'oniston masalasi ham muhokama qilindi. Qo'shma Shtatlar qo'shinlarni 2014-yilgacha olib chiqamiz degan bo'lsa-da, prezident Obama hamma narsa o'sha paytdagi vaziyatga bog'liq, deydi.

"Askarlar sonini keskin kamaytirishimiz aniq. Ammo asosiy maqsad - Amerika xalqi xavfsizligini ta'minlash. Shunga qarab ish tutamiz", - deydi Obama.

AQSh admirali Mayk Myullen qo'shinlarni chiqarish uchun aniq muhlat belgilashga shoshmaslik kerak, deydi.

"2014-yilgacha qilinadigan ishlar ko'p. Afg'onistonda vaziyat hali ham qaltis, janglar murosasiz kechmoqda. Ammo o'ylaymanki, belgilangan muddatdan kech qolmaymiz", - deydi admiral.

Ayni damda Afg'onistonda 150 ming kishilik xalqaro kuchlar xizmat qiladi. Yarmidan ko'pi AQShdan. Ba'zi davlatlar, masalan, Kanada, harbiy missiyaga yakun yasashini ma'lum qilgan. Kelasi yildan xavfsizlikni ta'minlash asta-sekin afg'on kuchlari zimmasiga o'ta boshlaydi.

Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, prezident Obamaning bir yil avval ishga solingan strategiyasi samara bermoqda.

Jangarilarni nishonga olishda aholi talofatlarini kamaytirish muhim, deydi u.
Sammitda NATOga a'zo ba'zi davlatlar Afg'onistonda xavfsizlik kuchlarini tayyorgarlikdan o'tkazish uchun mutaxassislar yuborishga kelishib oldi.

Navbatdagi anjuman 2012-yilda AQShda o'tadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG