Breaking News

NATO Xitoy yuksalishiga xavotir bilan qaramoqda


Aksariyat tahlilchilar Shimoliy Atlantika harbiy bloki yoki qisqacha NATO dunyo tarixidagi eng samarali va davomiy tashkilot ekanini da’vo qilmoqda. NATOning dekabr boshida Londonda o’tgan sammitida ilk bor Xitoy strategik raqib deb tan olindi. Alyansga ko’ra, Pekin dunyodagi yuqori texnologiyalar sanoatida “Xuavey” kabi kompaniyalari orqali hukmronlik qilishga, harbiy salohiyatini kuchaytirib, “Kamar va yo’l” tashabbusi orqali ko’plab davlatlarni o’ziga iqtisodiy tomondan qaram qilishga intilmoqda.

Xalqaro hayot - 1-yanvar, 2020-yil - NATO Xitoy yuksalishiga xavotir bilan qaramoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:23 0:00

“Amerika Ovozi” NATO kuchlariga qo’mondonlik qilgan ikki arbob bilan Xitoy solayotgan geosiyosiy xavf xususida suhbatlashdi.

Xitoyning iqtisodiy va harbiy salohiyati va salobati NATOni xavotirga solmoqda. NATO sobiq harbiy qo’mondoni general Jeyms Jouns Pekin Sovet Ittifoqidan qudratliroq, epchilroq degan fikrda.

"Xitoyning strategik maqsadi nafaqat o’z aholisi, balki dunyoning katta qismini ham nazorat qilishdan iborat. Ular bu siyosatni o’ta mahorat bilan amalga oshiryapti – salkam kapitalistik usullar bilan iqtisodiyotimizga kirib, sarmoya qilib. Shu bilan birga, kiberjosuslikka zo’r berib, intellektual mulkni o’g’irlashni ham qoyilmaqom qilishyapti”, - deydi general.

Xitoy “Xuavey” telekommunikatsiya kompaniyasi yordamida 21-asr raqamli infratuzilmasini o’z nazoratiga olmoqchi. General Jounsning bashorat qilishicha, Xitoy AQSh va ittifoqchilari oldida ustunlikka erishishga intiladi.

“NATOga o’xshagan tashkilot dolzarbligini saqlab qolmoqchi bo’lsa, kuchli tizimga ega bo’lishi kerak. A’zo davlatlarning 10 nafari “Xuavey” bilan, yana 20 tasi Xitoyning boshqa kompaniyalari bilan ishlasa, tizimni kuchaytirib bo’lmaydi. Bu katta muammo hozir. 10 yildan keyin emas, hozir”, - deydi sobiq qo’mondon.

Jounsning aytishicha, 5G yoki uyali aloqaning beshinchi avlodi uchun hukmronlik qilishga poyga o’ta muhim bo’lib, birinchi atom bombasini yaratish yoki insonni Oyga chiqarish bilan tengdir.

“Xitoy qudratga to’lmoqda. Aholisi soni AQShnikidan to’rt baravar ko’p. O’rta sinf xitoyliklar soni AQSh aholisidan katta. Xorijiy sarmoya va xorijiy texnologiyalardan o’ta samarali foydalandi”, - deydi NATOning Yevropadagi qo’shinlariga qo’mondonlik qilgan yana bir general Vesli Klark.

Xitoy solayotgan tahdidlarning oldini olish uchun NATO Pekinning global hokimlikka bo’lgan intilishini cheklashga qaratilgan reja ishlab chiqishi kerak, deydi u.

“AQSh texnologiyalar bobida Xitoyga bosim qo’ysayu, Germaniya, Fransiya yoki NATOga a’zo boshqa bir davlat ana shu texnologiyani Xitoyga sotsa. Muammo mana shunda. Xitoy masalasida ittifoqchilar kelishib ishlashi zarur. Shundagina Xitoyni nazorat qilsa bo’ladi”, - deydi Klark.

Vashingtonning Pekinga e’tiborni oshirishga qaratilgan chaqirig’iga Yevropada quloq sola boshlashgan. Qit’a vakillari ham Xitoyning iqtisodiy, harbiy va kibernetik yuksalishidan xavotirda.

“Xitoy yuksalishi haqida ilk bor gaplashdik – bundan kelib chiqayotgan muammolar va imkoniyatlar hamda ularning xavfsizligimizga ta’siri haqida.

Alyansga a’zo mamlakatlar rahbarlari birgalashib ish ko’rishga kelishdik”, - deydi NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg.

29 a’zolik tashkilot joriy yilda 70 yilligini nishonlamoqda. Dunyo iqtisodiyoti va harbiy salohiyatining yarmi a’zo davlatlar hissasiga to’g’ri keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG