NATO: Rossiyaga tahdid solmayapmiz

  • Amerika Ovozi

NATO qarorgohi, Bryussel, Belgiya

NATOga a'zo davlatlarning diplomatlari va Rossiya rasmiylari Bryusselda uchashmoqda. Maqsad - siyosiy pozitsiyalarga oydinlik kiritish. Eng muhimi, deydi NATO vakillari, Kremlni "sizga tahdid solmayapmiz" deya ishontirish. Boltiqbo'yida davlatlari va Polshada NATO harbiy vositalari va kuchlar kengaytirilgani Rossiyaga xavf tug'dirmaydi, deydi ular.

NATO-Rossiya kengashi bu yil uchinchi bor shunday majlisga yig'ilmoqda. Forumda Ukrainadagi vaziyat ham muhokama qilinadi.

"Biz Yevropa xavfsizligi yuzasidan NATO aynan nimalar qilmoqchi ekanini bilmoqchimiz. NATOning sharq tomon kengayishidan maqsad nima? Shu oddiy savolga aniq javob berishsin" - deya so'raydi Aleksandr Grushko, Rossiyaning NATOdagi elchisi.

Rossiya Suriyadagi fuqaro urushida hukumat tomonda. AQSh yetakchiligidagi NATO esa bu qonli mojaroda Prezident Bashar al-Assadni ayblaydi va uning hokimiyatdan ketishini istaydi. Lekin NATO-Rossiya kengashi majlisida bu haqda gap ketmaydi.

NATO 2017-yilning boshida Estoniya, Latviya, Litva va Polshada qariyb 4000 harbiyni joylashtiradi.

Rossiya esa o'z g'arbiy chegaralariga joriy yilning may oyidan beri 330 ming qo'shin safarbar etgan.

Kreml 2014-yilda Ukrainadan Qrimni tortib oldi va uni qaytarmoqchi emas. G'arb uni sanksiya bilan jazolashda davom etmoqda.

"Harbiylarimizni a'zo davlatlarga yuborayotganimiz ularning tinchligini o'ylab qilinayotgan ish", - deya izohlaydi Yens Stoltenberg, NATO Bosh kotibi.

NATO bosh harbiy qo'mondoni Kurtis Skaparrottiga ko'ra, Rossiya yashirin amaliyotlarni bas qilishi kerak. NATO bilan til topishish niyatida bo'lsa, oshkora ish qilish payti keldi.

Fransiya va Germaniya Ukraina kelajagidan xavotirda va Rossiyadan uning ichki ishlariga aralashmaslikni talab qilmoqda. Amerika ham Kremldan Ukrainada rus jangari kuchlarini quvvatlamaslikni talab qilib keladi. Rossiya esa bu da'vo va talablarni rad etib, Ukrainadagi muammolarda Kiyevdagi hukumatni ayblaydi. Mamlakat sharqidagi hujum va janglarda minglab insonlar halok bo'lgan.

AQSh yangi prezidentga hozirlanar ekan, Rossiya rahbari Vladimir Putin Donald Tramp bilan kelishib olishni kutayotgan bo'lishi mumkin, deydi ayrim siyosatdonlar. Amerika pozitsiyasi tubdan o'zgarishi mumkin.

Tramp fikricha, NATO - samarasiz tashkilot, har jihatdan Amerikaga tayanib qolgan. 28 davlat a'zo ekan, boshqalar ham yukni ko'tarsin, deb keladi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Fikringiz

XS
SM
MD
LG