Breaking News

Kreml Navalniyni zaharlashga buyurgani haqidagi da’volarni inkor etmoqda


Aleksey Navalniy

Rossiya hukumati taniqli muxolifatchi Aleksey Navalniyning to’satdan betob bo’lishida qo'li borligi haqidagi ayblovlarni inkor etmoqda.

Sibirga safari chog’ida samolyotda choy ichib hushidan ketgan Navalniy Omsk kasalxonasida bir necha kun yotib, 22-avgustda tibbiy ko’rik uchun Germaniyaga yuborilgan. Nemis mutaxassislari Navalniy Sovet Ittifoqida ishlab chiqarilgan asab agenti bilan zaharlangan degan xulosaga keldi.

Bu haqda shu chorshanba Germaniya kansleri Angela Merkel xabar berdi. Uning aytishicha, muxolifatchini “novichok” deb nomlanuvchi modda bilan zaharlashgan va bu ishga davlatga aloqador shaxslar qo’l urgan.

“Aleksey Navalniy “novichok” guruhiga kiruvchi kimyoviy asab agenti hujumiga uchradi. Zahar tarkibi tekshiruv paytida ayon bo’ldi. Bizda jiddiy savollar bor va bu savollarga faqat Rossiya hukumati javob bera oladi”, - dedi Merkel.

Kreml zudlik bilan tashxisga shubha bildirib, rossiyalik shifokorlar o’tkazgan tekshiruvlar natijasi asab agenti yoki zahar borligini ko’rsatmaganini aytdi.

“Bemor Germaniyaga yuborilishdan oldin barcha xalqaro meyorlar asosida Rossiyada qator testlar o’tkazildi va zaharli modda aniqlangani yo’q”, - dedi Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Unga ko’ra, Rossiya davlatini bu ishda ayblashga asos yo’q.

“Bunga doir hech qanday ayblovlarni qabul qilmaymiz”, - dedi u.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ham Germaniya hukumati xulosasiga shubha bilan qarab, Rossiyaning bu mamlakatdagi elchisi Germaniya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilganini, ammo nemis tomoni ayblovlarga dalil keltirmaganini bildirdi.

"Dalillar qani? Formulalar qani? Hech bo’lmasa biror ma’lumot bormi?” – dedi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Rossiya televideniyesining 1-kanaliga bergan intervyusida.

Navalniyning safdoshi va bosh strategi Leonid Volkovning aytishicha, man qilingan “novichok” asab agenti qoldiqlarining topilishi bu ishga Rossiya rahbariyati aloqadorligidan dalolatdir.

“Novichok” topishgan bo’lsa, demak, bu Putinning ishi. Bu dorixonada sotib olinadigan narsa emas”, - dedi Volkov “Facebook”dagi sahifasida.

Xalqaro oqibatlari

2018-yilda Angliyaning Salisburi shahrida rossiyalik sobiq josus Sergey Skripal va uning Yuliya ismli qizi ham xuddi shu asab agenti bilan zaharlangan edi. Shundan keyin Rossiyaning G’arb bilan aloqalari keskin yomonlashdi. Kuzatuvchilar bu gal ham shunday bo’lishini bashorat qilmoqda.

Skripallar o'lmadi, biroq kimyoviy moddaga duch kelgan britaniyalik bir ayol keyinchalik o’lgani ma’lum bo’ldi.

Salisburidagi voqeadan so’ng Rossiyaning 100 dan ziyod diplomati bir necha mamlakatdan haydalib, AQSh, Britaniya va boshqa davlatlar Rossiyaga sanksiya qo’ydi.

Kansler Merkelning aytishicha, nemis tergovchilarining xulosasi Yevropa Ittifoqi va NATOdagi hamkor davlatlarga ham uzatildi.

AQShda Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Jo Bayden Kremlni Navalniyning hayotiga qasd qilganlikda, Prezident Donald Trampni esa Rossiya rahbariga qarshi tura olmayotganlikda aybladi.

AQSh Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Uliot Qo'shma Shtatlar Germaniya hisobotidan xavotirda ekanini aytib, Rossiyada bu ishga aloqador shaxslarni javobgarlikka tortishda ittifoqchi davlatlar va xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikda ish ko’rilishini bildirdi.

Rossiya parlamentining quyi palatasi Navalniyning betoblanishi yuzasidan o’z tergovini boshladi. Rossiyalik deputatlarga ko’ra, Rossiyaning obro’sini to’kish hamda Rossiya va Germaniya bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan gaz loyihasini izdan chiqarish maqsadida Navalniyni G’arb razvedkasi agentlari zaharlagan.

Prezident Tramp “Shimoliy oqim-2” loyihasiga qarshi chiqar ekan, quvurni Germaniyaga uzatishda Rossiyaga yordam berayotgan Yevropa kompaniyalariga sanksiyalar qo’ygan.

Payshanba kuni Germaniya parlamentidagi ayrim deputatlar kelishuvni bekor qilishga chaqirdi.

Navalniy 20-avgust kuni Tomsk shahridan Moskvaga qaytayotganida samolyotda betob bo’lib, koma holatiga tushdi. Oilasi a’zolarining iltimosiga qaramay, rossiyalik shifokorlar uning ahvoli og’ir deya, Navalniyni Germaniyaga yubormay turishni tavsiya qildi.

Muxolifatchi hozir Berlindagi kasalxonada, ahvoli hamon og’ir, hamon komada.

Navalniy yuqori lavozimli amaldorlarni korrupsiyada ayblab, ularni fosh etuvchi tergovlari bilan keng tanilgan. 2018-yilda u prezident saylovida qatnashmoqchi bo’ldi, ammo ro’yxatdan o’tkazilmadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG