Breaking News

Qonunchilar Oq uyni Navalniy zaharlanganini tergov qilishga chaqiryapti


Aleksey Navalniy

AQSh qonunchilari rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning zaharlangani haqidagi da’volarni tekshirish uchun Tramp mamuriyatini tergov boshlashga chaqirmoqda.

Xalqaro hayot – 10-sentabr, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:26 0:00

Xabarlarga ko’ra, Navalniy mahalliy amaldorlar orasidagi korrupsiya holatini taftish qiluvchi hujjatli film ustida ishlash uchun Sibirning Tomsk shahriga borgan edi. Moskvaga qaytayotganida samolyotda holsizlanib, Omsk shahar kasalxonasiga joylashtirildi, so’ng muolaja uchun Germaniyaga yuborildi.

Germaniya uning kimyoviy modda bilan zaharlanganini da’vo qilarkan, shifokorlar zaharning komadan endigina chiqqan 44 yashar faol salomatligiga uzoq muddatli ta’sirini baholashga qiynalmoqda. Kreml Navalniyning betoblanishiga aloqadorligini inkor etgan holda Berlindan zaharlanishga doir tibbiy xulosalarni haligacha olmaganidan shikoyat qilmoqda.

Muxbirlar Navalniyning zaharlangani haqida AQSh prezidentidan so’rashganida Donald Tramp shunday javob berdi:

“Bizda bunga doir dalillar yo’q hozircha. Ammo masalaga e’tibor qarataman. Rossiya haqida hozir ko’p gap bo’lyapti. Bunga qarshi emasman, ammo nazarimda, shu tobda Rossiyadan ko’ra Xitoy haqida ko’proq gapirish kerak, chunki Xitoy ancha yomon ishlar qilyapti”.

Katta Yettilikka a’zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari va jumladan AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Rossiyani Navalniyni zaharlaganlikda ayblab qoralovchi bayonot chiqardi, bu ishga aloqador odamlarni javobgarlikka tortishga da’vat etdi.

AQSh Vakillar palatasida Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi demokrat Eliot Engel va respublikachi a’zosi Maykl Makkol Prezident Trampga maktub yo’llab, tergov boshlashni so’radi. Kongressmen Bill Kitingning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, har ikki yirik partiya qonunchilari bu tashabbusni olqishlamoqda.

“Biz bu masalani muhokama qilamiz. Yolg’iz demokratlar yoki respublikachilar emas, birgalikda muhokama qilamiz”, - dedi u.

Yana bir demokrat qonunchi Tom Malinovski Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga qarshi jazo choralarini qo’llashga chaqiradi.

“Sanksiyalar Vladimir Putinni muloyim qilib qo’ymaydi, biroq jazo choralari umuman bo’lmasa, butun dunyo bizni bunday xatti-harakatlarga toqat qilyapti yoki ularga chek qo’yishga ojizlik qilyapti deb o’ylashi mumkin”, - deydi kongressmen.

Kreml Navalniyning zaharlanishiga doir dalillar yo’qligiga ishora qilarkan, Germaniyani yolg’on so’zlayotganlikda ayblamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG