Netanyaxu Yevropa davlatlarini Quddusni poytaxt deb tan olishga undayapti

  • Amerika Ovozi

Isroil Bosh vazir Benyamin Netanyahu Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari bilan Bryusselda uchrashmoqda, 11-dekabr, 2017-yil

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Yevropadagi aksariyat va hatto barcha mamlakatlar elchixonalarini Quddusga ko'chirib, uni Isroilning poytaxti sifatida tan olishiga ishonch bildirmoqda.

Netanyaxu nazarida, birinchilardan bo'lib bu qadamni tashlagan Donald Tramp voqelikni tan oldi, AQSh Isroil-Falastin tinchlik jarayonidan voz kechmoqchi emas.

"AQSh ma'muriyati yangi tinchlik taklifi ustida ishlamoqda. Bunga imkoniyat berish kerak. Biroq bundan oldin yahudiy davlatini tan olmoq lozim. Bu hamisha dolzarb mavzu bo'lgan. Falastinliklar yahudiy davlatini tan olishi, bu davlatning poytaxti borligini anglashi va uning Quddus ekanini yodda tutishi kerak", - dedi Bryusselga safar qilgan Isroil rahbari.

Netanyaxu bilan muloqot qilgan Yevropa Ittifoqining tashqi siyosatga mas'ul rasmiysi Federika Mogerinining aytishicha, Quddusning maqomi Isroil-Falastin tinchlik muzokaralarida hal bo'lmaguncha, Yevropa Ittifoqi xalqaro hamjamiyatning bu masaladagi pozitsiyasidan chekinmaydi.

"Umumiy pozitsiyamiz shunday. Quddus bo'yicha xalqaro konsensusni hurmat qilamiz. Muqaddas shaharning maqomi tomonlar o'rtasidagi bevosita muzokaralarda uzil-kesil hal etilishi kerak", - deydi Mogerini.

Trampning Quddusni Isroil poytaxti sifatida tan olishi musulmon va arab dunyosida norozilik namoyishlari bilan qarshilandi.

Masalan, Livanda AQSh elchixonasi qarshisida xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga qarshi suv va ko'zni yoshlantiruvchi gaz qo'llashga majbur bo'ldi.

Arab Ligasi AQSh Prezidenti Donald Trampning Quddus shahrini Isroil poytaxti sifatida tan olish qarorini qoralamoqda. 10-dekabr kuni Qohirada tashkilotga a'zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlarining favqulodda majlisi bo'lib o'tdi. Vazirlarga ko'ra, AQSh bunday qarori bilan Isroil-Falastin tinchlik muzokaralarida xolisligini yo'qotib, xalqaro qonunlar va BMT rezolyutsiyalarini oyoqosti qildi.

Majlis so'ngida chop etilgan bayonotda Trampning bu qarori Amerikani vositachilik rolidan mahrum qilgani aytiladi.

Liga Bosh kotibi Ahmad Abu G'ayt dunyo davlatlarini Falastinni mustaqil davlat sifatida, Quddusni esa uning poytaxti deb tan olishga chaqirdi, BMT Xavfsizlik Kengashini Tramp qarorini qoralovchi rezolyutsiya qabul qilishga undadi.

AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens 20-dekabr kuni Qohirada bo'ladi. Shahardagi eng yirik cherkov rahbarlari va Al-Azhar universiteti ma'murlari u bilan uchrashuvdan bosh tortdi. Falastin Prezidenti Mahmud Abbos ham Pens bilan uchrashmasligini bildirdi. Unga ko'ra, AQSh Quddus masalasida chegaradan o'tdi.

Qibtiy pravoslav cherkovi bayonot chiqarib, Tramp qarorining nomaqbul ekanini, millionlab insonlar hissiyotlarini hisobga olmaganini qayd etdi.

Pensning matbuot kotibasi Falastin Muxtoriyati mintaqa kelajagini muhokama qilish imkoniyatiga ko'z yumayotganidan afsus bildirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG