Niderlandiyada ultramillatchi qonunchi Gert Vilders partiyasining parlament saylovlarida g’alaba qozongani mahalliy musulmonlarni xavotirga soldi. Islom dini va musulmon migrantlarga qarshi keskin qarashlari bilan tanilgan deputat hokimiyatga kelsa, masjidlarni yopishga, Qur’onni taqiqlashga so’z bergan.
Vildersning “Ozodlik” partiyasi saylovda 150 ta o’rindan 37 tasini qo’lga kirib, leyboristlar va yashillar partiyasidan iborat blokni va hatto iste’foga chiqayotgan Bosh vazir Mark Ruttening “Xalq ozodligi va demokratiyasi partiyasi”ni ortda qoldirdi.
"Niderlandiyalik musulmonlar saylov natijalaridan shokda. Qonun ustuvorligining asosiy tamoyillariga qarshi dastur bilan saylovda qatnashgan partiya bunchalik ko’p ovoz oladi deb o’ylamagan edik”, - deydi CMO musulmon tashkilotidan Muhsin Ko’ktosh.
Musulmonlar salkam 18 million aholiga ega Niderlandiyaning taxminan besh foizini tashkil etadi.
"Ozodlik” partiyasining g’alabasi bir tomondan ko’p odamlarning ksenofob ekanini ko’rsatmoqda, ammo boshqa tomondan xalq Ruttening 13 yillik siyosatidan noroziligini namoyish qilmoqda”, - deydi Abdusamad Tohiriy ismli gaagalik musulmon.
Saylovchilariga bergan va’dalarini bajarishi uchun Vilders va uning ittifoqchilari parlamentda kamida 75 ta o’ringa ega bo’lishi kerak. Buning uchun u kamida ikkita yirik partiya bilan til topishishi lozim.
Saylovdagi muvaffaqiyatidan so’ng Vilders barcha niderlandiyaliklar uchun mehnat qilishini aytdi.
“Bosh vazir bo’lsam, hamma niderlandiyaliklar uchun bosh vazir bo’laman – kimligi, jinsi, dini va qayerdan kelganidan qat’i nazar”, - dedi u.
Biroq musulmonlar va ayrim kuzatuvchilar uning bu so’zlariga ishonmasligini aytadi. Ba’zilar uni AQSh sobiq prezidenti Donald Trampga qiyoslaydi. Hatto uning “Avval Niderlandiya” dasturi ham Trampning “Amerika birinchi” shioriga o’xshab ketadi.
“Hozir dunyo bo’ylab shunday tendensiya kuzatilyapti – isteblishmentga qarshi populistik isyon”, - deydi mahalliy Klingendeyl tahlil institutidan Rene Kuperus.
Koalitsion hukumatga da’vogar partiyalar Vildersning keskin qarashlarini yoqlamaydi. Vilders bosh vazir bo’lishni istasa, pozitsiyasini yumshatishga majbur, deydi Amsterdam universitetidan Rashid Azrut.
“Gert Vilders Niderlandiyani Yevropa Ittifoqidan chiqarishni, yevro o’rniga guldenni muomalaga kiritishni, Ukrainaga yordam bermaslikni juda istardi, ammo u bu masalada yolg’iz ekanini tushunadi”, - deydi Azrut.
Boshqa partiyalar “Ozodlik” bilan koalitsion hukumatga kirishni istaydimi, yo’q, hozircha ma’lum emas. Muzokaralar bir necha oyga cho’zilib ketishi ham mumkin.