Breaking News

Xorijiy talabalar AQShda yangi cheklovlar bilan yuzlashishi mumkin


Tramp ma’muriyati shu oy joriy etishi kutilayotgan yangi qoidalarga ko’ra, AQShda tahsil olayotgan xorijiy talabalarning Amerikada qolish muddati qisqarishi mumkin. Talabalar akademik faoliyatning har yangi bosqichidan oldin hamda o’qish bilan bog’liq reja o’zgarsa, AQSh Immigratsiya va bojxona xizmatidan ruxsat olishi kerak bo’ladi. Masalan, bakalavriatdan so’ng magistraturada o’qish xohishi paydo bo’lsa yoki o’qish immigratsiya xizmati belgilagan viza muddatidan uzoqroq bo’lsa.

Yangi qoida F1, F2, M1 va M2 talabalik vizalariga ega xorijliklarga taalluqli bo’ladi.

AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi matbuot kotibining “Amerika Ovozi”ga tushuntirishicha, yangi qoida xorijiy talabalarning viza muddatini o’tkazib yuborib, AQShda qolib ketishining oldini olishga qaratilgan.

Tahsil olish uchun AQShga kelayotgan xorijliklarning salkam yarmi, asosan, ikki mamlakatdan – ayni damda Xitoydan 363 ming 341 ta, Hindistondan esa 196 ming 271 ta talaba Amerikada o’qiyapti.

F1 vizasi AQSh oliygohida to’liq muddat o’qib, ilmiy daraja olishni rejalagan tabalalarga beriladi, ularning oila a’zolari F2 vizasini oladi.

M1 vizasi esa til o’rganish markazlarida, kosmetologiya maktablarida, pazandalik kurslarida, uchuvchilik maktablarida kasb-hunar o’rganmoqchi bo’lganlar uchun bo’lib, ularning oila a’zolariga M2 vizasi beriladi. M1 va M2 odatda bir yilga mo’ljallangan bo’lib, vizani uch yilgacha cho’zish mumkin.

Hozirgi tartibga ko’ra, xorijiy talabalar AQShda o’qish dasturi muddati tugaguncha qolishi mumkin. Ya’ni noimmigratsion maqomini o’zgartirishga qo’l urmagan talabalar o’qish dasturining muddati qancha bo’lsa, AQShda shuncha vaqt qolishi mumkin.

Xalqaro ta’lim institute va AQSh Davlat departamenti tayyorlagan yillik “Ochiq eshiklar” hisobotida aytilishicha, 2018-2019-o’quv yillarida AQSh oliy o’quv yurtlarida tahsil olgan jami 19 million 282 ming talabaning 5,5 foizini chet elliklar tashkil etgan, ya’ni 1 million 95 ming 299 odam.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG