Breaking News

Afg’onistonda o’zbeklar rahbarligida yangi siyosiy partiya ish boshladi


Yangi partiya va uning raisi Ahmad Ishchi
Yangi partiya va uning raisi Ahmad Ishchi

Afg’onistonda o’zbek siyosiy arboblari asos solgan yangi partiya ish boshladi. “Afg’oniston xalqining yangi Junbish partiyasi” deb nomlangan ushbu harakatga Ahmad Ishchi rahbarlik qiladi.

Poytaxt Kobulda yuzlab o’zbek faollari ishtirokida o’tkazilgan tadbirda “Yangi Junbish” partiyasining birinchi qurultoyi o’tkazildi. Partiyaning birinchi rahbari qurultoyda uch yillik muddatga saylandi.

“Afg’oniston xalqining yangi Junbish partiyasi” harakatining rasmiy sahifasida tarqatilgan bayonotga ko’ra, partiya faoliyati uchun 60 nafar a’zolar tanlangan.

A’zolarning kimligi, tashkiliy qo'mitalar, partiyaning kelgusi ishlari haqida to’liq ma’lumot berilmagan.

Yangi partiya raisi Ahmad Ishchi
Yangi partiya raisi Ahmad Ishchi

Harakatga bundan bir yil avval asos solingan edi. Sobiq deputat Muhammad Olim Soiy partiyaning vaqtinchalik raisi etib saylangan edi. Lekin Soiy partiya qurultoyini tashkil etishda va ilk qurultoyda qatnashmagan edi. Vaqtinchalik rais harakatni nega tark etgani ma'lum emas.

Yangi partiya raisi kim?

Ahmad Ishchi Juzjon viloyatining sobiq hokimi, “Milliy Junbish” partiyasi raisining sobiq muovini. Ishchi Afg’oniston Vitse-prezidenti va “Milliy Junbish” partiyasining rahbari general Abdul Rashid Do’stumning ashaddiy raqibi.

2016-yil oxirida Ahmad Ishchi general Do’stumga qarshi da’vo ochib, Do’stum uni jinsiy qiynoqqa solganini iddao qilgan edi. Bu iddaolar “Milliy Junbish” rasmiylari tomonidan rad etilib kelinmoqda.

Yangi siyosiy partiyani ochish g’oyasi Ahmad Ishchida ancha oldin bo'lgan bo’lsa-da, uni rasmiylashtirish general Do’stum bilan ziddiyati kuchaygan bir paytga to'g'ri keldi.

Siyosiy bosimlar natijasida Afg'onistonni tark etgan general Do’stum bir yildan beri Turkiyada yashab kelmoqda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG