Breaking News

Nyu-York shahar kengashi fuqaro bo’lmaganlarga mahalliy saylovlarda saylash huquqini berdi


9-dekabr kuni Nyu-York shahar kengashi vakillari fuqaro bo’lmagan aholini mahalliy saylovlarda qatnashish huquqi bilan ta'minlovchi qonun qabul qildi. 800 mingga yaqin shaharlik ilk bor munitsipal saylovlarda ishtirok etishi mumkin endi.

Nyu-York shahar kengashi fuqaro bo’lmaganlarga mahalliy saylovlarda saylash huquqini berdi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:26 0:00

Venesuelalik Jakelin Godoy bunday imkoniyatdan xursand. Uning aytishicha, Amerikada saylovlar vatanidagi siyosiy jarayondan ancha farq qiladi.

“U yerdagi saylovlarning soxtalashtirilishi hammaga ma’lum. Bu yerda esa kafolatlar bor. Ovozingiz hisobga oliinishiga shubha qilmasangiz ham bo’ladi”, - deydi u.

Qonuniy ishlashga hujjati borlar, grin karta sohiblari, Amerikaga bolaligida noqonuniy keltirilib, fuqarolikni ololmayotgan odamlar ovoz berish huquqiga muyassar bo'ldi.

Amerika uchun bu yangilik emas. Nyu-Yorkdan tashqari bungacha Merilend, Vermont va Kaliforniya shtatlarining ayrim shaharlarida fuqaro bo’lmaganlarga ovoz berish huquqi berildi. Biroq shtat va federal darajada saylash huquqlarining berilishini kutmaslik kerak.

Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetida huquqshunoslik bo’yicha professor Richard Briffoltning aytishicha, federal darajada bunday bo’lishi amrimahol.

"Ayniqsa hozirgi Kongress bilan. Shtat darajasida esa saylash huquqi berilishi mumkin, ehtimol ma’lum qarshiliklar bilan”, - deydi professor.

Nyu-yorkliklar kengash qarorini ijobiy qabul qilganday.

“Fuqaro bo’lmaganlar maktab va universitetlarda o’qiyapti, ishlayapti, jamiyatimizga o’z hissasini qo’shyapti. Nega endi ularda ovoz berish huquqi bo’lmasin?”, - deydi bruklinlik Melissa Roxas.

“Bu yerda 30 yil yashadingmi, 30 kun, hammaga teng muomala qilish kerak”, - deydi Roberto Senteno ismli nyu-yorklik.

Uch milliondan ortiq muhojir yashovchi bu azim shaharda choraga qarshilarni topish oson ish emas.

“Muhojirlar bu yerda yashash va ishlash huquqi borligiga shukur qilishi kerak”, - deydi Jeyms Krisp degan bir odam.

Nyu-York shtati senatidagi respublikachi qonunchi Rob Orttning yozishicha, fuqaro bo’lmaganlarni ovoz berish huquqi bilan ta’minlash to’g’ri emas, chunki ular bergan ovozlar AQSh fuqarolarining saylovdagi ovozini qadrsizlantiradi, fuqarolik va ovoz berish imtiyozini qo’lga kiritishga intilayotgan muhojirlarga nisbatan hurmatsizlikdir.

Qonunga qarshilar nazarida, endi shtat va federal saylovga ikki xil byulleten chiqarishga to’g’ri keladi. Biri fuqaro bo’lmagan saylovchilar uchun.

“Saylov komissiyalariga ma’muriy tarafdan bu juda ham katta ish”, - deydi professor Briffolt.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG